Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Namangan viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasini yaxshilash uchun 70 mln dollar miqdorida kredit ajratadi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga bank matbuot xizmati xabar berdi.

YeTTB tomonidan moliyalashtiriladigan yirik reabilitatsiya dasturi doirasida O‘zbekiston sharqida joylashgan Namangan viloyatining Chust, Namangan va Pop tumanlarida, yashovchi 170 mingdan ortiq aholi toza ichimlik suvidan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mablag‘lar «Namangan Suv Ta’minoti» mintaqaviy suv ta’minoti korxonasi foydasiga beriladi. Ushbu mablag‘lar viloyatdagi yettita qishloq aholi punktlariga (Chortoq, Chust, Jumashuy, Qizil Ravot, Pop, Toshbuloq va Uyg‘ur) xizmat ko‘rsatuvchi suv olish inshootlari, tarqatish stansiyalari va tarmoqlari, suv quvurlari va suv tozalash inshootlarini qurish va ta’mirlashni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Chust va Jumashuy qishloqlarida oqova suvlarni tozalash inshootlari, kanalizatsiya nasos stansiyalari va tarmoqlarini qurish uchun sarflanadi. Mazkur loyihaga O‘zbekiston hukumati tomonidan ham 14 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Sarmoya 115 mingga yaqin yangi iste’molchilarga suv ta’minoti tarmoqlari xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi. Yangi infratuzilma tufayli isrof bo‘luvchi suv hajmi yiliga 0,6 million kubometrga kamayadi. Namangan viloyatida 170 ming kishi toza suvdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deyiladi xabarda.