Marmara dengizi shilimshiq modda bilan qoplandi

Foto: AR/TASS

Foto: Ali Atmaca/Anadolu Agency via Getty Images

Istanbul qirg‘oqlari yaqinidagi Marmara dengizi hududi qalin qatlamli shilimshiq modda bilan qoplandi. Mutaxassislarning fikricha, shilimshiq moddaning paydo bo‘lishi va tarqalishiga iqlim o‘zgarishi va suvning ifloslanishi sabab bo‘lgan. Shuningdek, aytilishicha, kulrang-yashil rangdagi shilimshiq modda tabiiy ravishda fitoplanktonlarning nazoratsiz o‘sishidan paydo bo‘ladi. Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ushbu holatga tozalanmagan kanalizatsiya suvlarining dengizga oqizilishi, shuningdek iqlim o‘zgarishi olib kelgan. G‘avvoslar baliqlarning kislorod yetishmasligi tufayli nobud bo‘layotganini aytmoqda. Ushbu ekologik muammoni o‘rganish va bartaraf etish uchun 300 kishilik hukumat komissiyasi tuzildi.

«Dengiz balg‘ami» ilk bor 2007 yilda Turkiya qirg‘og‘i yaqinida topilgan, ammo bu holat, shuningdek, Gretsiya qirg‘oqlari yaqinidagi Egey dengizida ham kuzatilgan. Ta’kidlanishicha, Marmara dengizidagi shilimshiqning tarqalib ketgani tarixdagi eng yirik voqeaga aylandi. — Interfaks.


Pokiston o‘z harbiy bazalarini AQShga berishdan bosh tortdi

Pokiston AQShga terrorizmga qarshi operatsiyalarni amalga oshirish uchun o‘z harbiy bazalarini berishdan bosh tortdi. «Bazalarni qidirish ularning xohishi bo‘lishi mumkin. Ularni [AQSh harbiylarini — tahr.] bizning bazalarimiz bilan ta’minlash haqida gap bo‘lishi mumkin emas, biz o‘z manfaatlarimiz haqida o‘ylashimiz kerak», — dedi Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mehmud Kureshi. — Anadolu.

Shuningdek: Pentagon Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish operatsiyasining 50 foizdan ortig‘i tugaganligini ma’lum qildi. 1 iyun kuni AQSh Afg‘onistondan harbiy kontingentning taxminan uchdan bir qismi chiqarilganini ma’lum qilgan edi.


Estoniya 15 yil ichida maktab ta’limini eston tiliga o‘tkazadi

Estoniya hukumati maktab ta’limini 2035 yildan kechiktirmay to‘liq eston tiliga o‘tkazishni rejalashtirmoqda. «Eston tilidagi maktab ta’limi bolalar va yoshlarning Estoniya madaniy va qadriyatlar makoniga qo‘shilishini ta’minlaydi, har kimga ijtimoiy va ish hayotida qatnashish va o‘qishni keyingi bosqichda davom ettirish uchun teng imkoniyat yaratadi», — dedi mamlakat bosh vaziri.

Hozirda Estoniyadagi rus tilidagi maktablarning yuqori o‘rta sinflarida o‘qish-o‘qitish 60 foiz davlat tilida, qolgani esa rus tilida olib boriladi. — Interfaks.


Belarusda 470 dan ortiq kishi siyosiy ayblov bo‘yicha hibsga olingan — Yevropa Ittifoqi

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati Belarusda 470 dan ortiq odam siyosiy ayblov bo‘yicha hibsga olingan deb hisoblaydi. «Bizning ma’lumotlarimizga ko‘ra, Belarusda 470 dan ortiq kishi erkin va adolatli saylovlarni talab qilganliklari uchun hibsga olingan. Yevropa Ittifoqi siyosiy mahbuslar va Belarus fuqarolari bilan birdamligini bildiradi. Inson huquqlari buzilishi uchun jazolanmaslik mumkin emas, barcha buzg‘unchilar javobgarlikka tortilishi kerak», deyiladi xabarda. — Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati.

Shuningdek: Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ommaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun, shuningdek, ekstremizmga qarshi kurashish, natsizmni reabilitatsiya qilish uchun javobgarlikni kuchaytiradigan qonunga imzo chekdi.


BMT Bosh qarorgohi 6 iyuldan boshlab to‘liq ish jadvaliga qaytishni boshlaydi

6 iyuldan boshlab Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasi xodimlari shaharda koronavirus pandemiyasi sababli o‘rnatilgan sanitariya cheklovlari yumshatilishi munosabati bilan asta-sekin to‘liq ish kuniga qaytishni boshlaydi. «2021 yil 6 iyuldan boshlab 2020 yil mart oyida muqobil jadval tasdiqlangandan beri haftaning besh kunini masofadan ishlagan barcha xodimlar asta-sekin o‘z ishlariga qaytadi», deya yozmoqda tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish. — TASS.

Shuningdek: Maldiv oroli vakili Abdulla Shahid BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasi raisi etib saylandi. 143 mamlakat vakillari Shohidni qo‘llab-quvvatladi. Uning raqibi — Afg‘oniston vakili Zalmay Rasulga 48 kishi ovoz bergan. Betaraflar bo‘lmagan. Abdulla Shahid Maldiv orollari tashqi ishlar vaziri lavozimini egallaydi.


Kolumbiyadagi namoyishlarda 58 kishi halok bo‘ldi

Kolumbiyadagi soliq islohotlari va hukumatga qarshi namoyishlar paytida 58 kishi halok bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, shuningdek, inson huquqlarini buzish, kaltaklash, noqonuniy hibsga olish va boshqa politsiya zo‘ravonliklariga oid 400 dan ortiq holatlar bo‘lgan.

Kolumbiya prezidenti Ivan Duke politsiyani isloh qilish, shu jumladan xavfsizlik kameralari bilan ta’minlash va inson huquqlari bo‘yicha idora yaratishni taklif qildi. Mamlakat hukumati, shuningdek, politsiya xodimlariga qarshi shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga va’da berdi. — Associated Press.

28 apreldan buyon Kolumbiyada bo‘lib o‘tayotgan namoyishlar paytida kamida 1,7 ming kishining turli darajadagi tan jarohati olgani haqida xabar bergan edik.


Hindistonda kimyo zavodidagi yong‘in natijasida 18 kishi halok bo‘ldi

Hindistonda Pune shahri chetidagi kimyo zavodida sodir bo‘lgan yong‘inda 18 kishi halok bo‘ldi. Yana ikki kishi ahvoli og‘ir deb topilgan. Marhumlarning 15 nafari ayollar. Zavoddagi yong‘in 7 iyun kuni boshlangan. O‘sha paytda zavod hududida 37 kishi bor edi. Yong‘inni 50 ta o‘t o‘chiruvchi va sakkizta texnika o‘chirgan, qutqaruvchilar odamlar chiqib ketishi uchun zavod devorlarini buzishgan. Yong‘in sababi hali aniqlanmagan. Yonib ketgan zavod suvni zararsizlantirish uchun xlor dioksid ishlab chiqaradigan SV Aqua Technologies kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. — Times of India.


Shunigdek:

  • Dunyoning yirik saytlari ishida uzilishlar yuz berdi. Xususan, Amazon va Reddit saytlari bilan bir qatorda CNN, New York Times, Guardian, Financial Times, Independent kabi yirik amerikalik va ingliz OAVning veb-sahifalari bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Britaniya hukumatining veb-saytida ham uzilishlar kuzatildi.
  • Pokistonda poyezdlar to‘qnashuvi natijasida qurbonlar soni 50 kishidan oshdi. 100 kishi jarohatlandi. Kecha to‘qnashuv oqibatida 30 dan ortiq kishining halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.