Samarqand Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining qiymati 3 milliard yevroni tashkil qiluvchi «Yashil shaharlar» flagman dasturiga qo‘shilish orqali barqaror rivojlanishni rejalashtirishni takomillashtiradigan birinchi shahar bo‘ldi, deya xabar beradi YeTTB «Gazeta.uz»ga.

Ushbu qadam O‘zbekistonning 2050 yilgacha uglerod neytralligini ta’minlashga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Samarqand dasturning 48-ishtirokchisiga aylangani dushanba kuni YeTTB birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink tashrifi chog‘ida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi bilan tasdiqlandi. U 7−9 iyun kunlari YeTTBning O‘zbekistondagi katta delegatsiyasiga rahbarlik qiladi.

Barqaror rivojlanish dasturiga qo‘shilgan shaharlar YeTTBning moliyaviy ko‘magida sinov loyihalarini amalga oshiradi. Jumladan, Samarqand uchun elektr avtobuslarining sotib olinishiga investitsiya ajratish hamda atrof-muhit holatini yaxshilash, shaharni «yashillashtirish» bo‘yicha harakatlar rejasi ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Hisobotda aytilishicha, global miqyosda atmosferaga chiqadigan gazlarning to‘rtdan uch qismi shaharlarga to‘g‘ri keladi. 2016 yilda boshlangan YeTTBning «Yashil shaharlar» dasturi kam uglerodli kelajak sari harakat qilishga qaratilgan choralar yordamida ishtirokchi shaharlarning ekologik ehtiyojlarini qanoatlantirishga yordamlashadi.