Samarqand va Samarqand viloyatining boshqa bir qator tumanlari aholisi suv ta’minotidagi uzilishlarga duch kelishdi. «Samarqand suv ta’minoti» korxonasi «bu yilgi tabiiy qurg‘oqchilik» haqida xabar berdi.

Samarqand viloyati aholisining toza ichimlik suvi ta’minoti yer osti suv zaxiralari hisobidan «Samarqand suv ta’minoti» korxonasiga qarashli suv inshootlari tomonidan amalga oshiriladi.

«Samarqand suv ta’minoti» ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda yog‘ingarchiliklarning yo‘qligi va Zarafshon daryosi o‘zanida suv oqimining kamligi sababli yer osti suvlarining sathi (debiti) pastlashib ketgan.

Natijada inshootlardagi nasos uskunalarining mo‘tadil ishlashida yer osti suvi zaxirasining yetishmasligi sababli Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Pastdarg‘om, Nurobod, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Narpay, Payariq va Oqdaryo tumanlari aholisini toza ichimlik suvi ta’minotida uzilishlarni olib kelmoqda.

«Samarqand suv ta’minoti» MCHJ ma’muriyati markazlashgan ichimlik suvi iste’molchilaridan joriy yilning tabiiy qurg‘oqchiligi sababli suv ta’minotida kuzatilayotgan kamchiliklar — suv yetishmovchiligi uchun o‘zining uzrini bildiradi va mazkur muammo tez orada o‘z yechimini topadi. Shu bilan birga korxona ma’muriyati iste’molchilardan ichimlik suvidan maqsadli foydalanish, uni behuda isrofgarchiliklariga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘raydi", — deyiladi xabarda.

Fevral oyi oxirida prezident yig‘ilishida 2021 yilgi sug‘orish mavsumida suv ta’minoti 25 foizga pastroq bo‘lishi ma’lum qilingan edi. 1 oktyabrgacha suvni tejaydigan texnologiyalar uchun poliyetilen va polipropilendan olinadigan boj bekor qilindi. 10 mlrd kubometr suvni tejash mas’uliyati bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, suv xo‘jaligi vazirligi rahbari va hokimlarga yuklatilgan edi.