5 iyun Butunjahon atrof-muhitni himoya qilish kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 2021−2030 yillarda BMTning Ekotizimni tiklash bo‘yicha o‘nyilligi boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda BMTning Yangiliklar xizmati xabar berdi.

«Jamiyatimizning mavjudligi shunga bog‘liq bo‘lsa-da, biz ekotizimlarni buzmoqdamiz», — deya ta’kidladi bosh kotib. Shu bilan birga, uning qo‘shimcha qilishicha, sayyoramiz katta imkoniyatlarga ega va «biz unga yetkazilgan zararni qoplashimiz uchun hali ham vaqt bor».

Uning ta’kidlashicha, Ekotizimni tiklash o‘nyilligi — global isish, atrof-muhitning ifloslanishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishini oldini olish uchun zarur bo‘lgan siyosiy, ilmiy va iqtisodiy resurslarni safarbar etadigan global harakat chorasi.

BMTning Atrof muhitni muhofaza qilish dasturining (YUNEP) ushbu haftada e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, faqat 2030 yilga kelib quruqlikdagi ekotizimlarni tiklash xarajatlarining yillik qiymati 200 mlrd dollarga baholanmoqda. Biroq, ekotizimni tiklashga sarflangan har bir dollar 30 dollargacha iqtisodiy foyda keltiradi.

BMT qayd etishicha, favqulodda tiklashni talab qiluvchi ekotizimlarga qishloq xo‘jaligi yerlari, o‘rmonlar, o‘tloqlar va savannalar, tog‘lar, torf yerlar, chuchuk suv havzalari, okeanlar va shahar ekotizimlari kiradi.