O‘zbekiston prezidenti 4 iyun kuni «Ko‘chma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 dekabrdan ko‘chma savdo faoliyati tadbirkorlar tomonidan ko‘chma savdo obyektlarini elektron tarzda «K — SAVDO» avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi.

Shuningdek, ko‘chma savdo joyi (xususiy mulkdorlarga tegishli joylardan tashqari) ko‘chma savdo obyektlarining joylashish sxemalari bo‘yicha «K — SAVDO» AAT orqali elektron auksionda sotiladi.

Auksionning boshlang‘ich narxi tegishli tuman (shahar)dagi yer uchastkasining yer solig‘i miqdorida belgilanadi. Bunda, auksion orqali sotishdan kelib tushgan pul mablag‘larining 80 foizi tegishli tuman (shahar) mahalliy byudjetlariga, 20 foizi Davlat soliq qo‘mitasining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi.

Auksion g‘olibi tomonidan ko‘chma savdo joyining qiymati to‘liq to‘langanidan so‘ng unga «K — SAVDO» AAT orqali avtomatik ravishda QR-kod qo‘yilgan guvohnoma beriladi hamda u mazkur joydan 36 oy muddatga foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda ko‘chma savdo joyidan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzish talab etilmaydi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra:

  • savdo avtomatlariga nisbatan nazorat-kassa texnikalaridan majburiy foydalanish talabi tatbiq etilmaydi;
  • sotadigan tovarlari va (yoki) ko‘rsatadigan xizmatlari turidan qat’i nazar bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar chakana savdo sohasidagi soliq to‘lovchi deb e’tirof etiladi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi o‘rtasida prezident imzolagan boshqa bir qarorga ko‘ra 1 sentyabrga qadar yirik shaharlarda kunu tun ishlaydigan savdo-ko‘ngilochar ko‘chalar ochilishi, ularda ko‘chma savdo ham yo‘lga qo‘yilishi kerak edi.