Prezidentning 23 martdagi [PF-6191-son] farmoni bilan 2021 yil 1 iyundan boshlab soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi (STIR olganlik) faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilingan edi.

Shunga asosan, 2021 yil 1 iyuldan boshlab soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda amalga oshirishga o‘tiladi. Ya’ni STIR berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish bekor qilinadi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi.

Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritish taqiqlanadi.

Prezident farmoni bilan 1 iyundan 16 yoshga to‘lgan shaxslarga ID-kartalar berish ularni soliq organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi belgilangan edi.

Shunga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ishga qabul qilish va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda jismoniy shaxslarning STIRi soliq organidan mustaqil ravishda yoki «Elektron hukumat» idoralararo platformasi orqali so‘rab olishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining martdagi tegishli farmoni asosida shuningdek, 1 iyundan 18 turdagi ma’lumot va hujjatning aholi hamda tadbirkorlardan talab qilinishi bekor qilindi. Shuningdek, 7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishni yashash joyidan boshqa hududlarda ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi.