Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tozalash inshootlaridan taralayotgan yoqimsiz hidni yo‘qotish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda mahallalar fuqarolari, mahalla raislari, deputatlar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

«Yig‘ilishda har bir fuqaroning va mahalla raisining fikri eshitilganidan so‘ng, shahar hokimi tomonidan muammoni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan bir qatorda, mahalla fuqarolari va tashkilot rahbarlaridan iborat ishchi guruhi shakllantirilib, mahalla fuqarolaridan muammoni hal etilishi jarayonlari ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish belgilandi.

O‘tgan hafta poytaxt hokimiyati vakillari kechki vaqtlarda O‘zgarish va Nug‘ayqo‘rg‘on mahallalarida yoqimsiz hid tarqalishiga sabab bo‘layotgan «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJga qarashli «Salar» tozalash inshootiga tashrif buyurdi. Muassasa Mirobod, Sergeli, Yakkasaroy, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yangi hayot tumanlarining oqova suvlarini tozalaydi. Inshoot poytaxtdagi uchta maishiy chiqindi suv tozalash inshootlaridan eng kattasi bo‘lib, kuniga 900 ming kub metrgacha suv tozalaydi.

Inshootga aholi va korxonalar tomonidan kirib keladigan oqova suvlar uchun alohida quvurlar yotqizilgan va ular vositasida yoqimsiz hid aynan qayerdan kelayotganiga aniqlik kiritish mumkin.

«Mutasaddilarning so‘roviga ko‘ra, terini qayta ishlash va boshqa korxonalar tomonidan inshoot oqizilayotgan oqova suvlarga e’tibor qaratildi. Ulardan kuzatuv paytida oqova suvlarni inshootga yo‘naltirish so‘raldi va vaziyat kuzatuvga olindi. Buni qarangki, shu paytda inshootga qop-qora rangli va nihoyatda yoqimsiz hidli oqova suvlar kelib qo‘shildi. Bu tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini bevosita nazorat qilishni taqozo qiladi», — deyiladi hokimiyat xabarida.

Qayd etilishicha, chiqindi suvlarni tozalash jihozlari qimmat bo‘lib, ular xorijdan olib kelinadi. Bunday mablag‘lar barcha tadbirkorlik korxonalarida ham mavjud emas.

«Hukumatimizning bir qator qarorlariga ko‘ra, tadbirkorlar faoliyatiga aralashish qat’iyan ma’n qilinadi. Shu bois, korxonalar hududiga kirib, chiqindilar qay tarzda oqova suv tarmoqlariga oqizilayotganligi bilan bevosita tanishish mumkin emas. Shu bois, ba’zi tadbirkorlar mas’uliyatni unutib, o‘z bilganlaricha ish tutishmoqda. Oqibatda atrof-muhitga, aholiga zarar yetkazilyapti», — deya ma’lum qildi hokimiyat.

Eslatib o‘tamiz, may oyida o‘rtasida hukumat qarori loyihasi bilan Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishiga sababchi bo‘lgan korxonalarning lokal tozalash inshootlarida rekonstruksiya qilish hamda beshta charm sanoat korxonasini Toshkentdan tashqariga ko‘chirish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.