Pokiston janubida ikkita poyezd to‘qnashib, kamida 36 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda RBK Samaa TV ma’lumotlariga tayanib. Jabrlanganlar soni aniq aytilmagan.

Mahalliy ARY News portali xabariga ko‘ra, hodisa Gotki shahrida (Sind provinsiyasi) ikki temir yo‘l stansiyasi o‘rtasida sodir bo‘lgan. Politsiya vakili Usmon Abdullaning aytishicha, poyezd relsdan chiqib ketgan boshqa bir poyezdga urilgan. Bir necha odamlar vayronalar ostida qolib ketgani aytilmoqda.

Voqea joyiga qutqaruvchilar va politsiya yetib kelgan, jabrlanganlar kasalxonalarga olib ketilmoqda. To‘qnashuvning aniq sababi hozircha ma’lum emas, deb xabar berdi Associated Press.

Voqea sodir bo‘lgan hududda poyezdlarning harakati to‘xtatildi.

May oyi ohirida Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida yer osti tunnelida ikkita metro poyezdi to‘qnashgan edi. 213 kishi jabrlangan, ulardan 47 nafarida og‘ir jarohatlar qayd etilgan.