Xalqaro atom energiyasi agentligining (XAEA) yadro infratuzilmasini kompleksli ko‘rib chiqish bo‘yicha INIR (Integrated Nuclear Infrastructure Review) missiyasining hisoblashicha, O‘zbekiston mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasini (AES) qurish loyihasini ishlab chiqishda sezilarli yutuqlarga erishgan, deya xabar berdi agentlik.

XAEA ma’lumotlariga ko‘ra, INIR missiyasi hukumatning taklifiga binoan shu hafta davomida O‘zbekistonga 12 kunlik missiyasini yakunladi.

Mutaxassislar guruhi, shuningdek, O‘zbekiston o‘z me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish va nazorat qilish bo‘yicha organlarni boshqarish choralarini ko‘rganligini tasdiqladi.

Missiyaning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning yadroviy-energetika dasturi kuchli davlat ko‘magiga, shuningdek, shaffof ishonchlilik, xavfsizlik hamda tarqatmaslik majburiyatiga ega.

«Hukumat zarur huquqiy va institutsional bazani yanada rivojlantirishga e’tiborini qaratishi shart», — dedi missiya rahbari, XAEA yadro infratuzilmasini rivojlantirish bo‘limining boshqaruvchisi Milko Kovachev.

Xususan, O‘zbekiston hali ishtirokchi bo‘lmagan xalqaro-huquqiy hujjatlarga: Yadroviy xavfsizlik to‘g‘risidagi konvensiya, Yadro avariyasi to‘g‘risida tezkor xabar berish to‘g‘risidagi konvensiya, Yetkazilgan yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi va unga tegishli protokolga qo‘shilishi kerak.

«INIR missiyasini qabul qilish bilan O‘zbekiston o‘zining ochiq infratuzilmasi va yadro infratuzilmasiga tayyorligini professional baholashga qiziqishini namoyish etdi», — dedi «O‘zatom» bosh direktori Jo‘rabek Mirzamaxmudov.

Eslatib o‘tamiz, atom elektr stansiyasining qurilishi 2022 yilda boshlanishi rejalashtirilgan, ammo loyihani moliyalashtirishni maqsad qilgan Rossiya bilan atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma hali imzolanmagan.