Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov «Alter Ego» loyihasiga bergan intervyusida, nima uchun so‘nggi paytlarda uning munosabat va izohlari ko‘pgina muhokamalarga sabab bo‘layotgani hamda «odamlarning g‘azabi»ni keltirayotgani haqida gapirib o‘tdi.

«Bu g‘azabni men adolatli deb bilmayman. Lekin, tan olaman, bu mening ham xatoim. Oxirigacha tushuntirib bera olmayman. Mening bir qancha bayonotlarimda aytilgan gaplar mutlaqo boshqacha talqin qilinadi. Butunlay», — dedi deputat.

Alisher Qodirovning fikriga ko‘ra, hozirgi jamiyat xabarlarni yuzaki o‘qiydi, shuning uchun noto‘g‘ri tushunishlar yuzaga keladi.

«Jamiyatimiz, ma’lumot iste’molchisi, yuzaki o‘qishadi — birinchi, ikkinchi, uchinchi satr o‘qiladi, bo‘ldi tamom. Mening xatoyim nimada bilasizmi, men hozir o‘zimni aqlli qilib ko‘rsatmoqchi emasman, lekin men ko‘p yozaman va uzoq tushuntiraman. Mening tushuntirishlarimni hamkasblarim ham tanqid qilishadi, boshlaganimda men tez tushuntirishim kerak, qisqa va lo‘nda qilib. Mana shuni qila olmayapman. Shundan kelib chiqib, men qilgan bir qancha munosabatlar noto‘g‘ri talqin qilindi va oxirigacha tushunilmadi. Muammo shunda. Men bu xatoyimni tan olaman, buning ustida ishlamoqdaman», — deya ta’kidladi u.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari ko‘pgina mavzularni tushuntirishda rus segmenti bilan kelisha olmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek segmenti bilan muloqot qilib vaziyatni tushuntirish mumkin, lekin rusiyzabon odamlar bilan bu o‘xshamayapti.

«Men to‘g‘ri tushuntirishga bo‘lgan bir qancha urinishlarim, o‘z natijasini bermadi. O‘zbek segmentida o‘xshaydi, borib odamlar bilan ko‘rishasiz, tushuntirasiz. Odamlar darrov o‘zgarishadi, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda men o‘sha yerni o‘zida tushuntirishlarga o‘taman. Shunda hozirgina sizni urushayotgan odamga: „Siz meni noto‘g‘ri tushundingiz, keling men sizga tushuntiraman desangiz“, bir-ikki gaplar va inson darrov o‘zgaradi. „Meni kechiring, men sizni noto‘g‘ri tushundim“, deydi. O‘zbek segmentida bu o‘xshaydi. Lekin, hayratlanarlisi shuki, rus segmenti shunchalik qat’iy, shunchalik… bilmadim men hozir so‘z topa olmasam kerak. Juda qo‘pol ham desa bo‘ladi. Adolatli emas deyish ham mumkin emas, chunki bu mening xatolarim. Men rus segmentidan bunday qo‘pollikni kutmagan edim, men aksincha o‘zbek segmentidan shunday bo‘ladi deb kutgandim», — dedi deputat.

Alisher Qodirov rus tilida so‘zlashuvchi auditoriya bilan hozircha kelisha olmayotganini va dialog qilish imkoni bo‘lmayotganini ta’kidladi.

«Ehtimol, bu mening xatolarim, qaytaraman. Men rusiyzabon auditoriyaga [qarashlarimni] oxirigacha tushuntirib bera olmayapman. Menda dialog o‘xshamayati. Men buning ustida ishlamoqdaman. Buning ustida biz ko‘proq ishlashimiz va tushuntirishlarga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak. Vaqti kelib, umid qilamanki, odamlar bizni tushunishni boshlaydi», — deydi u.

Deputat rus tilida so‘zlashuvchi auditoriya uchun «og‘riqli mavzular»ni olib chiqayotganligiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Mavzular juda kuchli, og‘riqli. Tushuntirishlarda esa inson qisqa va lo‘nda fikrini ifodalashi kerak. Rus tilida menda o‘xshamasligidan ko‘rqaman. Men hozir tan olayotgan xatoyim, men barcha o‘ylayotgan narsalarimni rus tilida butunlay ifodalay olmasligimni tan olaman. Mavzular juda og‘riqli. Biroq ularni aniq tushuntirish kerak», — deydi deputat.