BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) sog‘liqni saqlash seksiyasi hamda O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan aprel oyida o‘tkazilgan Yu-Report onlayn so‘rovi natijalari e’lon qilindi. Tadqiqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad maktablar yaqinidagi yo‘l harakati xavfsizligi (YHX) to‘g‘risida maktab o‘quvchilari va yoshlarning fikrini o‘rganish hamda uni takomillashtirish yo‘llarini topishdan iborat edi.

So‘rovda 7500 dan ortiq maktabga boradigan yoki oilada maktab o‘quvchisi bor respondentlar ishtirok etdi. So‘rov natijalari maktablar atrofida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qo‘llaniladi.

Respondentlarning 33 foizi maktablari atrofida YHXni ta’minlash bo‘yicha hech qanday choralar ko‘rilmagan deb javob berdi. Toshkent shahrida maktabga piyoda boradigan o‘quvchilar ulushi boshqa viloyatlarga nisbatan birmuncha pastroq (62 foiz). Ushbu javobni tanlaganlarning eng yuqori foizi (44%) Sirdaryo viloyatida qayd etilgan. Shuningdek, Surxondaryo (42%) va Jizzax (41%) viloyatlaridagi respondentlarning aksariyati maktab atrofida ўқувчиларнинг xavfsizligini ta’minlash бўйича chora-tadbirlar amalga oshirilmaganini ta’kidlab ўтишди.

Maktab atrofida YHXni ta’minlash uchun eng keng tarqalgan choralar sifatida «Bolalar» (18 foiz) va «Tezlikni cheklash» (14 foiz) yo‘l belgilari o‘rnatilgani ko‘rsatilgan. Shuningdek, 9 foiz respondentlar svetofor, 9 foizi — sun’iy balandlik mavjudligi, 8 foizi esa maxsus xodimlar o‘quvchilarni kutib olishini belgilagan.

Aksariyat (75 foiz) respondentlarning javoblariga ko‘ra, maktab o‘quvchilari maktabga asosan piyoda boradilar. Viloyatlar o‘rtasida bu savolga javob berishda sezilarli farqlar mavjud emas. Faqatgina Toshkent shahrida boshqa viloyatlardan farqli o‘laroq maktabga piyoda boruvchi respondentlar ulushi bir muncha kamroq (62 foiz). Toshkentda 17 foiz o‘quvchilarni ota-onasi o‘z mashinalarida bolalarni maktabga olib boradi, 9 foizi esa avtobusdan, 6 foizi taksidan va 2 foizi metrodan foydalanishi ma’lum bo‘ldi.

Respondentlarning yarmi (51 foiz) maktabga olib boruvchi yo‘llar xavfsiz emas deb hisoblaydi. Toshkent shahrida bunday o‘ylaydiganlar ulushi kattaroq (60 foiz). Bunday respondentlarning ulushi Surxondaryo (56%) va Buxoro (54%) viloyatlarida ham yuqori. Sirdaryolik respondentlarning yarmi esa aksincha, maktabga eltuvchi yo‘llar xavfsiz deb javob berdi.

39 foiz respondentlar maktablardagi YHX va yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha darslarni o‘qitish sifatini «o‘rtacha» baholadi. So‘rov ishtirokchilarining 17 foizi ushbu darsni o‘qitish sifati pastligi yoki dars bo‘lsa ham, uni o‘qitadigan o‘qituvchining yo‘qligiga shikoyat qilishgan.

Respondentlarning katta qismi (70 foiz) YHQ bo‘yicha o‘z bilimlarini «yaxshi» deb baholadi, yana 3 foiz respondentlar bu qoidalarni bilmasligini belgiladi.

37 foiz respondentlar maktabida YHX bo‘yicha plakatlar va qo‘shimcha ko‘rgazmali materiallar mavjud, deb javob berdi.

So‘rov yoshi kattaroq bo‘lgan respondentlar (30 yoshdan katta) maktab atrofidagi yo‘llar xavfli degan fikrga ko‘proq qo‘shilishini ko‘rsatdi: 68 foizi ushbu variantni tanlagan. Taqqoslash uchun, 15 yoshli respondentlarning 22 foizigina maktabga boradigan yo‘lni xavfli deb hisoblaydi.

O‘quvchilar uchun YHXni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar haqida ma’lumot olish uchun quyidagi 3ta axborot kanali eng qulay: televideniye — 24 foiz, ijtimoiy tarmoqlar — 23 foiz va YHXBB mutaxassislari bilan uchrashuvlar — 21 foiz.

YHXni yaxshilash uchun nima qilish kerak, degan savolga respondentlarning 19 foizi YHXBB mutaxassislarini maktab darslariga taklif qilish deya javob bergan. Bu g‘oyani ayniqsa maktabda ishlaydiganlar ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydilar — ularning 22 foizi ushbu variantni tanlagan.

O‘quvchi respondentlarning o‘zlari va maktabga ukasi yoki singlisi boradiganlar, xavfsizlikni ta’minlash uchun maktab o‘quvchilariga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish eng samarali usul (21 foiz) deb hisoblashdi.

Ota-onalarning fikriga ko‘ra, xavfli yo‘llarga qarshi kurashning eng samarali usuli — maktablar atrofidagi yo‘llarda avtomobillar uchun tezlikni 30 km/soatgacha cheklashdir. Ushbu fikrni 17 foiz ota-ona qo‘llab-quvvatlagan.

Maktablar atrofidagi hududlarni avtomobillar uchun mutlaqo yopilishini 7 foiz respondentlar qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, ushbu variantni tanlaganlarning ulushi Toshkent shahridagi respondentlar orasida sezilarli darajada yuqori — 17 foiz, qolgan barcha viloyatlarda o‘rtacha ko‘rsatkich 5 foizni tashkil qildi.

«Boshqa» javob variantini ko‘rsatgan 6 foiz respondentlar quyidagilarni yozdilar:

  • sanab o‘tilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak;
  • haydovchilik guvohnomasini olishdagi korrupsiyaga barham berish, haydovchilar malakasi va bilimini oshirish;
  • maktablar yaqinida kamera va fotoradarlar o‘rnatish;
  • svetoforlar o‘rnatish;
  • yo‘lda sun’iy balandliklar tashkil qilish;
  • maktab avtobuslarini tashkil etish.