4 iyun kuni soat 22:16 da «Talimarjon IES» energobloki avariyaviy to‘xtagani sababli «O‘zbekneftgaz» obyektlarida elektr uzilishi kuzatildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodlarining asosiy ishlab chiqarish qurilmalari ish faoliyati to‘xtab qoldi.

Bundan tashqari, Muborak, Sho‘rtan, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalariga qarashli gaz qazib chiqarish konlarida elektr energiyasi uzilishi sababli ishda to‘xtalish ro‘y berdi.

«Zevarda», «Janubiy Kemachi», «Janubiy O‘rtabuloq», «Dengizko‘l», «Somontepa», «Alan» va «Ko‘kdumaloq», «Sho‘rtan KMPO», «Betman», «Shimoliy Nishon» siquv kompressor stansiyalari ham to‘liq to‘xtab qoldi.

Yuz bergan to‘xtalishlar «O‘ztransgaz» AJga qarashli magistral gaz quvurlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi kamayishiga olib kelmoqda.

Hozirda «O‘zbekneftgaz» AJ, «Hududiy Elektr Tarmoqlari» AJ hamda «Milliy elektr tarmoqlari» AJning tegishli mutaxassislari hamkorligida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha tezkor ishlarni amalga oshirilmoqda, deyiladi bayonotda.