O‘zbekiston Energetika vazirligi elektr ta’minotidagi uzilishlar haqidagi shikoyatlar bo‘yicha munosabat bildirdi. Ba’zi oziq-ovqat xizmatlari ko‘rsatadigan tadbirkorlar elektr energiyasi yo‘qligi sababli oziq-ovqat mahsulotlari ayniyotgani haqida xabar berishmoqda.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1−3 iyun kunlari ayrim hududlarda kuchli shamol esishi natijasida daraxt shoxlarining sinishi va ayrim ko‘p qavatli binolar tom qismining ko‘chishi elektr uzatish tarmoqlarining shikastlanishiga olib keldi.

«Bundan tashqari, shu kunlarda havo haroratining isib ketishi natijasida ayrim joylardagi transformator punktlarida iste’mol yuklamasi ortishi kuzatilib nosozliklar kelib chiqmoqda. Hozirda hududlar bo‘ylab joylardagi hududiy elektr ta’minoti korxonalari mutaxassislari tomonidan avariyaga qarshi brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda 2021−2022 yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida issiqlik elektr stansiyalari, elektr uzatish tarmoqlari va gaz ta’minoti tizimida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani eslatib o‘tildi. Ushbu ishlarni xavfsiz bajarish maqsadida reja-grafik asosida elektr va gaz ta’minotini tarmoqdan ajratgan holda amalga oshirilmoqda.

Elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘lik masalalar bo‘yicha 1154 hamda gaz ta’minoti masalalari bo‘yicha 1104 qisqa raqamlariga murojaat qilish mumkinligi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Talimarjon IES» energobloki avariyaviy to‘xtagani sababli «O‘zbekneftgaz» obyektlarida elektr uzilishi kuzatilgani haqida xabar bergan edik.