So‘nggi kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘yicha yoz faslining boshi uchun me’yoriy qiymatlardan 7−10° ga yuqori bo‘lgan anomal issiq ob-havo kuzatilmoqda. Bu hodisa Eron hududlaridan quruq va issiq havo kirib kelishi bilan bog‘liqdir, deya ma’lum qildi O‘zgidromet.

Dam olish kunlarida issiq yana kuchayadi, kunduz kunlari havo harorati +40…+43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda +44…+46 darajagacha isiydi. Kechalari esa +22…+27 daraja atrofida, respublikaning cho‘l hududlarida ba’zi joylarda +30 gacha bo‘ladi.

Toshkentda shu yilgacha iyun oyining birinchi haftasida haroratning mutlaq (absolyut) maksimumi +37…+39 darajadan yuqori bo‘lmagani qayd etildi.

Dam olish kunlari respublika bo‘yicha shamol ba’zi joylarda changli bo‘ron bilan 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Ayrim tog‘li hududlarda kechga tomon konvektiv bulutlilik rivojlanishida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.