Qashqadaryoda unashtirilgan yigit-qizni qo‘lga olib, ularni qo‘yib yuborish evaziga pul so‘ragan IIB xodimlari ishdan olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 8 aprel kuni Koson tumanidagi “Do‘stlik” mahallasi hududida fuqaro G‘.A unashtirilgan qizi O.H bilan Cobalt rusumli avtomashinada o‘zaro suhbatlashib o‘tirganda, katta leytenant I.Fayzullayev hamkasbi katta leytenant F.Astanov bilan birga G‘.Ani avtomashinasini asossiz va hech qanday hujjatlarsiz jarima maydoniga joylashtirgan. IIB xodimlari O.Hni yengil tabiatli ayol sifatida ro‘yxatga olishni bildirgan. Qizni dastlab tuman tibbiyot birlashmasidan tan jarohati bor yoki yo‘qligi haqida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, so‘ngra tuman IIBga olib borishgan.

Qayd etilishicha, viloyat IIB mas’ul xodimlari tomonidan I.Fayzullayev va F.Astanovlar sodir qilgan mazkur salbiy holat aniqlangan. Ulardan fuqarolar G‘.A. va uning unashtirilgan qizi O.Hni nima sabab tuman IIBga olib kelib, ushlab utirganligi so‘ralganda, ular tomonidan hech qanday asoslantiruvchi xujjatlar taqdim etilmagan.

Holat yuzasidan ma’sul xodimlar tomonidan katta leytenant I.Fayzullayev va katta leytenant F.Astanovlardan tushuntirish xati olingan. So‘ngra ular tomonidan holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirishga harakat qilinib, bildirgi yozishib ro‘yxatdan o‘tkazishga erishishgan.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida I.Fayzullayev va F.Astanovlar fuqarolar G‘.A. va O.Hlarning mazkur mahallada yashashligi, ularning shaxsi va yashash manzili aniq bo‘lishiga qaramasdan, 4 soat davomida ushlab o‘tirganligi aniqlangan. Yigit va qizga nisbatan hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan, fuqaro G‘.Adan 4.900.000 so‘m miqdorda pul olib kelishini talab qilgan hamda uning yonida bo‘lgan Samsung rusumli qo‘l telefoni va 200.000 so‘m pullarini olib, avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarishga ruxsat bergan.

Holat yuzasidan Koson tumani IIB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, katta leytenant I.Fayzullayev va katta leytenant F.Astanovlar IIO safidan bo‘shatilgan. Ularning harakatiga qonuniy baho berish uchun to‘plangan xujjatlar Koson tuman prokraturasiga yuborilgan.