Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 iyun kuni yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda yer resurslarini talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy sotish holatlari hali ham kuzatilayotgani qayd etildi. Noqishloq va qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi barcha uchun bir xil va shaffof emas, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari bu boradagi kamchiliklarni keskin tanqid qilib, yerni bozor aktiviga aylantirish, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, yer ajratish va undan foydalanish sohasida davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

«Bugungi kundagi masala juda murakkab. Bu sohaga qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha ayniqsa Samarqandda bo‘lgan voqealar, Andijonda bo‘lgan voqealar hamma viloyatlarda bu ishlar o‘zini ijobiy natijasini topmayapti. Yer — xalqni boqayotgan mulk. Yerimizga bo‘lgan munosabatni mutlaqo o‘zgartirishimiz kerak. Qonunni qabul qilganimiz bilan ham buni bajaruvchi odam kerak. Bu oson emas. Joylarga yetkazuvchi odam kerak», — dedi prezident.

Xususan, yerni xususiy sektorga mulk va ijara huquqi, davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish tartibi joriy etilishi taklif etilmoqda.

Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bilan yer ajratish kabi bozor iqtisodiyoti talablariga mos bo‘lmagan amaliyotlarni tugatish va yerga bo‘lgan huquq turlarini 6 tadan 3 taga qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, noqishloq yerlarni xususiy sektorga faqat auksion orqali sotish tartibi kiritiladi. Noqishloq yerlar O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga xususiy mulk qilib, xususiylashtirish mumkin bo‘lmagan yerlar esa ijara huquqi asosida sotiladi.

«Odamlarni shu yer boqadi, yoshlarga yer berdik, odamlarning 70 foizi bo‘lsa ham manfaatdor bo‘ldimi yo‘qmi? Bo‘ldi, bo‘lyapti ham. O‘zi eng katta hammamizning dardimiz odamlarni rozi qilish-ku. Ish bilan ta’minlash. Xalqimizning mulki bu. Nima uchun men klaster qildim? Kam yerdan ko‘p hosil olish kerak. Manfaatdor bo‘lish kerak. O‘zbekiston yeri bilan bilan O‘zbekiston xalqini boqsa bo‘ladi, agar aql bilan ish qilsak», — dedi prezident.

Qayd etilishicha, hokim qarori bilan nodavlat sektorga yer ajratish hamda yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini faqat ijara huquqi asosida ajratish tartibi kiritilishi kutilmoqda.

Bunday yerlar fuqaro va tashkilotlarga (chet elliklardan tashqari) ochiq tanlov asosida beriladi. Ochiq tanlovga ariza qabul qilish, talabgor haqidagi ma’lumotlarni to‘plash va baholash elektron shaklda amalga oshiriladi, qayd etildi prezident matbuot xizmatida.

Viloyat va tuman hokimlarining qishloq xo‘jaligi yerlari toifasini o‘zgartirish vakolati Vazirlar Mahkamasiga va prezidentga o‘tkaziladi.

Yig‘ilishda yer ajratilishi va undan foydalanilishi ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, tuman hokimlarining yer ajratish va qaytarib olish haqida qaror qabul qilish vakolati to‘liq bekor qilinadi.

Viloyat hokimining yer munosabatlariga doir barcha qarorlari adliya boshqarmasida huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, yer sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev sohada qonun ustuvorligini ta’minlash shart ekaniga yana bir bor urg‘u berib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

«Qonun ustuvorligini ta’minlashimiz shart. Shuning uchun, muvofiqlashtiruvchi kengash tuzishimiz kerak. Bosh prokurorning o‘zi muvofiqlashtirish kengashi raisi bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.