Qorabog‘da mina portlashi natijasida uch kishi halok bo‘ldi

Ozarbayjonning Kelbajar viloyatida mina portlashi natijasida uch kishi — AzTV telekanali operatori, AzerTAdj axborot agentligi xodimi hamda Susuzlug‘ qishlog‘i favqulodda vaziyatlar vazirligi boshlig‘i o‘rinbosari halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi jarohatlandi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi. «4 iyun kuni Kelbajar viloyatiga yuborilgan OAV xodimlari bo‘lgan Kamaz avtoulovi Susuzlug‘ qishlog‘ida tankka qarshi minaga uchrab, portladi. Natijada uch kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizildi», — deya xabar berilmoqda huquqni muhofaza qilish organlarining qo‘shma bayonotida. Hodisa yuzasidan Ozarbayjon harbiy prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘atdi, tergov ishlari olib borilmoqda. — Ozarbayjon IIV.


Janubiy Koreya harbiy havo kuchlari boshlig‘i askar o‘z joniga qasd qilgani sababli iste’foga chiqdi

Koreya Respublikasi harbiy havo kuchlari shtabi boshlig‘i general Li Son Yon ayol serjantning o‘z joniga qasd qilishi munosabati bilan iste’foga chiqishini e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, serjant ish joyida jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lib, uch oy o‘tgach o‘z joniga qasd qilgan. «Men sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni his qilyapman va shu munosabat bilan iste’foga chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildim», — dedi Li Sung Yon. U omma oldida kechirim so‘rab, marhumning oilasiga hamdardlik bildirdi.

Shuningdek, harbiy politsiya va prokuraturaning tegishli choralarni ko‘rmagani, bundan tashqari, harbiy havo kuchlari shtabining Milliy Mudofaa vazirligiga barcha ma’lumotlarni bermasdan, ishni yashirishga harakat qilgani ma’lum bo‘ldi. — TASS.


Qirg‘iziston Tojikistonni ilgari erishilgan chegara kelishuvlarini buzishda aybladi. Tojikiston ayblovlarni rad etdi

«Tojikiston tomoni ilgari erishilgan kelishuvlarni buzgan holda qirg‘iz-tojik davlat chegarasidagi vaziyatni keskinlashtirdi, bu yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarga mos kelmaydi», — deyiladi rasmiy bayonotda. Ma’lum qilinishicha, Tojikiston harbiy xizmatchilari 4 iyunga o‘tar kechasi delimitatsiya va demarkatsiya jarayoni tugaguniga qadar qirg‘iz-tojik chegarasining ta’riflanmagan uchastkalarida biron bir ish olib borishni taqiqlash to‘g‘risidagi kelishuvga qaramay «Qirg‘iziston Respublikasi hududiga 1000 m ichkariga kirib, O‘sh viloyati Chon-Olay tumanining Unju-Buloq davlat chegarasining ta’riflanmagan qismida konteyner o‘rnatgan». Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari «mavjud vaziyatni hal qilish uchun» bu joyga yetib keldi.

«Hukumatlararo komissiya doirasidagi kelishuvga muvofiq alohida chegara punktlari ta’riflandi. Shu munosabat bilan chegara xizmati hozirda Tojikiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining kelishilgan o‘tish chizig‘i bo‘ylab qo‘riqlamoqda. Ya’ni, protokol kelishuviga ko‘ra, chegara qo‘riqlash xizmati kelishilgan hududda amalga oshirildi», — deya Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari matbuot markazi ayblovga javoban xabar berdi.

Ushbu bayonotdan so‘ng, Qirg‘iziston Unju-Buloq uchastkasi ta’riflanmagan, deya ma’lum qildi. Hozirda Qirg‘izistonning Tojikiston bilan chegarada qo‘riqlashni kuchaytirgani aytilmoqda.


Facebook siyosatchilarga qilingan istisnolarni bekor qiladi

Facebook kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda post joylash paytida siyosatchilarni ularga berilgan imtiyozlardan mahrum qilishni rejalashtirmoqda. Kompaniya rahbariyati AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning ijtimoiy tarmoqqa kirish huquqini cheklab qo‘ygandan so‘ng, xabarlarni moderatsiya qilishga yondashuvni o‘zgartirmoqchi. Shuningdek, kompaniya rahbariyatidan xabarlarni moderatsiya qilishda siyosatchilar va boshqa nufuzli foydalanuvchilar o‘rtasida aniq chegarani belgilamaslik so‘ralgan. Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoq ma’muriyati siyosatchilarning nashrlari haqida gap ketganda aralashmaslik prinsipiga amal qilgan. Facebook rahbari Mark Sukerberg o‘tgan yili ba’zi hollarda ijtimoiy tarmoq ma’muriyati qoidalarni buzgan postlarga qarshi hech qanday choralar ko‘rmaganligini tan oldi. — The Verge.


AQShda 59 ta Xitoy kompaniyasi qora ro‘yxatga kiritildi

AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakat xavfsizligiga «putur yetkazayotgan» oltmishga yaqin Xitoy kompaniyalariga sarmoya kiritishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Taqiq 2021 yil 2 avgustdan boshlab kuchga kiradi. Qora ro‘yxatga kiritilgan kompaniyalar orasida dunyodagi eng yirik telekommunikatsion kompaniyalaridan biri bo‘lgan Huawei, mikroelektronika ishlab chiqaruvchisi SMIC, samolyot ishlab chiqaruvchisi AVIC ham bor. Qayd etilishicha, ushbu farmon «Amerikalik har qanday shaxsga birjada sotiladigan har qanday qimmatli qog‘ozlarni sotish yoki sotib olishda ishtirok etishni taqiqlaydi». — Oq uy matbuot xizmati.

Shuningdek: 6 yanvarda Vashingtondagi tartibsizliklar paytida AQSh Kapitoliyga kamida 1,5 mln dollar miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum qilingi.


Shuningdek:

  • May oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari so‘nggi o‘n yil ichida eng yuqori darajaga bo‘ldi. Shu bilan birga, dunyo bo‘ylab mahsulotlar narxlari 12 oy ketma-ket o‘sib bormoqda, deya ma’lum qildi FAO.
  • Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning Issiqko‘l viloyatiga safari chog‘ida mast haydovchi boshqargan avtomobil uning kortejiga urilib ketdi.
  • BMT dunyo bo‘ylab tez tarqalayotgan koronavirus pandemiyasi haqidagi «afsonalarga» qarshi kurashadi.