Hukumatning 1 iyundagi qarori bilan «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni ta’sis etildi, deya xabar bermoqda Huquqiy axborot Telegram-kanali.

Qarorga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari o‘rtasida millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy soha va OAV vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlar tegishli tartibda ko‘rib chiqiladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid taqdimnomalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyasi tashkil etiladi.

Ma’lumotga ko‘ra, komissiya tomonidan har yili 1 iyulga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Bundan tashqari, qo‘mita raisi o‘z tashabbusiga asosan xorijlik hamkorlari, chet eldagi turdosh tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillarini millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun ko‘krak nishoni bilan taqdirlashi mumkin.

Ko‘krak nishoni har yili 30 iyul— Xalqlar do‘stligi kuni arafasida tantanali ravishda topshiriladi. Taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari (980 ming so‘m) miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.

Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.