1 iyun kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida Technovation Girls tanlovining beshinchi mavsumi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda g‘olib jamoalar va ishtirokchilar taqdirlandi. Bu haqda BMT Taraqqiyot Dasturining Toshkentdagi vakolatxonasi «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

To‘rt oy davom etgan Technovation Girls Uzbekistan, qizlar uchun eng yirik xalqaro texnologik tanlovda O‘zbekistonning 7 ta viloyatidan 41 ta qizlar jamoasi (10−18 yosh) ijtimoiy mobil ilovalarining prototiplari ustida ishlashdi. O‘zbekistonda Technovation dasturi BMT Taraqqiyot Dasturi va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining «Ayollarning davlat boshqaruvida ishtirok etishlari va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolliklarini oshirish uchun huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» qo‘shma loyihasi hamda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.


Jamoalar mentorlar rahbarligida Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘liq quyidagi mavzularda mobil ilovalarni ishlab chiqdilar: O‘zbekiston maktablaridagi ta’lim jarayonlari, o‘spirinlarning ruhiy salomatligi, nogiron bolalarga yordam berish, gender tengsizligini kamaytirish, uysiz hayvonlarni himoya qilish, kambag‘al oilalarga yordam berish, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda daraxtlar ekish, havo sifatini nazorat qilish, ayollar uchun yarim kunlik ish topish va boshqalar.

Tanlovning ushbu mavsumida butun dunyodan 1700 ta jamoa o‘z loyihalarini taqdim etdi va O‘zbekiston eng ko‘p jamoalar qatnashgan TOP-10 mamlakatlar qatoriga kirdi.

Har hafta mahalliy va xalqaro ekspertlar texnologiya, sun’iy intellekt va mobil ilovalar yordamida ijtimoiy muammolarni hal qilish, mobil ilovalarni App Inventor dasturida dasturlash, biznes-reja tuzish, ijtimoiy tadbirkorlik, loyihani boshqarish, Barqaror rivojlanish maqsadlari, taqdimotlarni tayyorlash kabi mavzularda darslar o‘tishdi.

Eng yaxshi jamoalarga O‘zbekistondagi tashkilotchilar tomonidan sovg‘alar topshirildi.

2 iyun kuni xalqaro hakamlar hay’ati Technovation Girls xalqaro yarimfinalchilarini e’lon qildi. Ushbu bosqichda O‘zbekistondan to‘rtta jamoa ishtirok etadi. Senior Division’da (15−18 yosh) Female Innovation Team va Girl Heroes jamoalari, Junior Division’da (10−14 yosh) Believe in yourself 1 va IT-Ladies jamoalari qatnashadi.

Yarim final bosqichida xalqaro hakamlar hay’ati dunyoning turli davlatlaridan 12 ta jamoani tanlab olishadi va ular avgust oyida bo‘lib o‘tadigan World Pitch Summit tadbirida o‘z loyihalarini taqdim etishadi.