Xitoyning Liaoning Lide kompaniyasi tomonidan Farg‘ona viloyati hududida tahminiy qiymati $700 millionga yetadigan, quvvati 1200 MVtgacha bo‘lgan yirik quyosh elektr stansiyasini barpo etish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi O‘zA.

Ushbu loyiha Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Xitoyning Liaoning Lide kompaniyasi delegatsiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.

Xitoy kompaniyasi Farg‘ona vodiysidagi qayta tiklanadigan energetikaning birinchi loyihasi uchun bank kreditlari emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, kompaniya ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 25 yil muddatda sotib olishi uchun «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»ga eng maqbul tariflarni taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muzokaralar so‘ngida Energetika vazirligi, viloyat hokimligi hamda Liaoning Lide kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolanishi ko‘zda tutilgan.