AQSh hukumati O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda Qo‘ytosh va Qorasoyda seysmik stansiyalar o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» ga Toshkentdagi AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

2 iyun kuni Toshkentdagi AQSh elchixonasi ijaraga olingan 14 ming dollarlik uskunalarni FVV huzuridagi Seysmoprognostik monitoring respublika markaziga (SMRM) yetkazib berdi. SMRM stansiyalarni Kaliforniya shtatidagi San-Diyego universiteti (UCSD) bilan birgalikda o‘rnatadi.

AQSh Davlat departamenti 2021 yil oxiriga qadar Qorasoyda qurilishi rejalashtirilgan doimiy stansiya uchun uskunalar sotib oladi va montaj ishlarini moliyalashtiradi.

Qorasoydagi doimiy stansiya 152 ta stansiyadan iborat Global seysmik tarmoq (GSN) ning bir qismiga aylanadi. GSN Kaliforniya shtatidagi San-Diyego universiteti va Seysmologiya qo‘shma tadqiqot instituti tomonidan birgalikda boshqariladi.