3 iyun kuni «Ozodlik» radiosi prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifining birinchi kunida kortej mashinalaridan biri Termiz shahrining markazini obodonlashtirish ishlarida qatnashgan 57 yoshli Ra’no Poyonovani urib yuborgani haqida xabar berdi.

Nashr guvoh va manbagalarga asoslanib xabar berishicha, obodonlashtirish xodimalari yo‘l chetini supurib yurishganda, 20−25 ta mashinadan iborat mashinalar kolonnasi paydo bo‘lgan.

«Ular ushbu mashinalar prezidentni kutib olish uchun ketayotganliklarini aytishdi. Kolonna oldida haydab ketayotgan yo‘l harakati xavfsizligi xodimi farrosh ayollarga baqirgan: «Yo‘l chetidan qoching!» deb. Hamma ayollar o‘rnidan sakrab, to‘siqning narigi tomoniga o‘tib olishgan. Hokimlik raqamiga ega bo‘lgan mashina kolonna ortida katta tezlikda ketayotgan edi, o‘sha mashina ayol farroshlardan birini urib yubordi, — deyiladi xabarda.

Aytilishicha, ayol yig‘ilgan axlat bilan piyodalar o‘tish joyi bo‘ylab yo‘lni kesib o‘tayotganida Captiva haydovchisi urib yuborgan.

YHXBB xabar qilishicha, YTH 1 iyun kuni soat 07:30 larda sodir bo‘lgan. Captiva haydovchisi haydovchisi Ra’no Poyonovani Termiz shahrining A. Temur ko‘chasida joylashgan «Barkamol avlod» markazi yaqinidagi piyodalar o‘tish joyida velosipedda kesib o‘tayotganda urib yuborgan.

Natijada, ayol Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Termiz filialidagi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Termiz shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Surishtiruv davomida aniqlanishicha, mazkur transport vositasi davlat rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi jarayonida tashkil etilgan kortej avtomobillariga aloqasi yo‘qligi, bundan tashqari Amir Temur va Barkamol Avlod ko‘chalarining kesishmasida kortej harakatlanmaganligini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

Ra’no Poyonova 1 iyun kuni soat 7:56 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Termiz filialiga yetkazilgan, deb xabar berildi tibbiyot markazidan «Gazeta.uz» ga. U bosh miya lat yeyish og‘ir darajasi, miya ichi gematomasi, bosh chakka tepa suyagi sinishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Hozir u komada, sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Shifokor uning ahvolini «o‘ta og‘ir» deb baholadi. Unga ko‘ra talamusda qon ketishi bo‘lgan. Bu sohada operatsiya qilib bo‘lmaydi, dedi u.