Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 iyun kuni Termiz shahrida 15 yildan beri bemorchilikning sinovlarini tortgan Nazira Rahimova va uning qizi «Zulfiya» mukofoti sovrindori Ruxshona Abdurazzoqovalarning xonadonida bo‘lgani haqida yozgan edik.

3 iyun kuni Ruxshonaga prezident nomidan Spark avtomashinasi sovg‘a qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Ruxshona Abdurazzoqova davlat rahbari bilan suhbat vaqtida kitoblarini tuhfa etgan. Prezident suhbat yakunida izlanuvchan, chuqur bilimga ega qizni tarbiyalab, kamolga yetkazayotgani uchun uning onasi Nargiza Rahimovaga minnatdorchilik bildirib, Spark yengil avtomashinasini sovg‘a qilgan.

Foto: O‘zA

Qayd etilishicha, mazkur sovg‘ani tantanali topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, mahalla ahli, yoshlar va Ruxshona ta’lim-tarbiya olayotgan maktab-internat jamoasi, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda Respublika yoshlar ittifoqi agentligi direktori A.Sa’dullayev, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator M.Xojimatov, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, senator O.Soatov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi raisi, senator S.Sayidov va boshqalar ishtirok etgan.

Foto: O‘zA

«Prezidentimizning kutilmaganda xonadonimizga kelib, biz bilan samimiy suhbat qilganidan hayajonlanib qoldim. Mening har bir gapimni e’tibor bilan tinglab, Spark yengil avtomashinasi sovg‘a qilishini aytganlarida quloqlarimga ishongim kelmadi. Beixtiyor onamning ham, mening ham ko‘zimizga sevinch yoshlari keldi. Bu sovg‘a hayotimni yanada o‘zgartirib, ulkan marralarni ko‘zlashga undadi. Bu yuksak ishonchni albatta oqlayman», — deya Ruxshona Abdurazzoqovaning so‘zlarini keltirmoqda O‘zA.