2 iyun kuni Tashqi ishlar vazirligi Al Jazeera telekanali muxbiri Agneshka Pikulitska-Vilchevska tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishi holatlari qayd etilganligi sababli uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilganligida haqida ma’lum qildi. Keyin polshalik jurnalist ushbu holatni «uning ovozini o‘chirishga urinish» va «mamlakatda deyarli o‘zgarishlar bo‘lmaganligini anglatadi» deb izohladi.

Fransiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ushbu holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Quyida uning fikrlarini juz’iy tahrir bilan e’tiboringizga havola etamiz.

Haqiqiy mustaqil va professional jurnalistlar hech qachon hokimiyat uchun qulay bo‘lmaydi. Bunday jurnalistlar har doim hokimiyatga, jamiyatdagi har xil ijtimoiy guruhlarga, qatlamlarga nisbatan zo‘riqish vektorlarini shakllantiradi. Uning ustiga, hozirgi davrda, hokimiyatga nisbatan tanqid, yoki davlatni ichkarisida bo‘ladi, yoki tashqarisida.

Davlatning ichkarisidagi tanqid, hokimiyatning global manfaatlari, obro‘-e’tibori uchun mutlaq manfaatli hisoblanadi. Ma’lum kategoriyadagi mutafakkirlar, fikrlovchi insonlar, davlatning ichkarisidagi tanqid darajasiga qarab ham, hokimiyatning va davlat tizimining naqadar mustahkam, shaffof va demokratik ekanligiga baho berishadi. Chunki, erkinlik, avvalo, so‘z erkinligi asosida hokimiyatni, tizimni ushlab turgan ma’muriyat, raqobatbardosh va demokratik deya qabul qilinadi.

Tanqidning davlat ichida bo‘lishi dunyo hamjamiyatining ma’muriyatga ishonchni kuchaytiradi. Qolaversa, ichkaridan tanqid qilayotganlar hokimiyatning legitimligini qo‘porish kayfiyatida emas, muammolarni ko‘rsatish holatida bo‘ladi. Chunki, davlatning ichidagi fikrlar, tanqidlar qonunchilik bilan mo‘’tadil o‘zanga solib turiladi.

O‘zbekistonda uzoq muddat so‘z erkinligi, fikrlar, g‘oyalar tashabbusi mamlakatdan tashqarida bo‘ldi. Tanqidlar, yirik siyosiy loyihalar hokimiyat legitimligini qo‘porish maqsadida amalga oshirildi. Natijada, O‘zbekiston o‘ziga daxldor so‘z va fikr tashabbusini yo‘qotib bo‘lgan edi. Hali mana shu kayfiyat so‘nmasdan, jurnalistlari, blogerlariga to‘liq ishonch tiklanmasdan, milliy axborot ishlab chiqaruvchilarning malakasi yuqori nuqtalarga yetmasdan, xorijiy jurnalistning quvilishi — jiddiy siyosiy xato.

O‘zbekiston ichidagi OAVlari, jurnalistlar, blogerlar, xorijiy mutaxassislar bilan raqobatlashgan holatda, ular bilan yonma-yon ishlab, pishib yetilishi kerak. Uning ustiga, agar biron bir xorijiy OAVlari, jurnalistlar qonunchilikni jiddiy buzadigan bo‘lsa, uni tezda haydab solish emas, uni qonunchilikka bo‘ysundirishning ohista yo‘llari ishga solinishi kerak bo‘ladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.