Eron va MAR badallarni to‘lamagani uchun BMT Bosh assambleyasida ovoz berish huquqidan mahrum qilindi

Ikki yil davomida BMT byudjetiga doimiy badal to‘lamagani uchun Eron va Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) tashkilot Bosh assambleyasida ovoz berish huquqidan mahrum etildi. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkirga yuborilgan xatda aytilgan. Eron va MAR mamlakatlaridan tashqari Komor orollari, Somali, San-Tome i Prinsipi davlatlari a’zolik badallarini to‘lamagan. Biroq BMT bosh kotibining maktubida ushbu uch davlat Bosh assambleyada 75-sessiyasi tugaguniga qadar ovoz berish huquqini saqlab qolishi ta’kidlangan.

BMTning doimiy byudjetiga badallari aholi jon boshiga tushadigan daromad va tashqi qarzni hisobga olgan holda, 10 yillik davrdagi mamlakatning o‘rtacha YAIM miqdorida belgilanadi. Ta’kidlanishicha, agar mamlakatga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli to‘lov kechiktirilgan bo‘lsa, Bosh Assambleyasi BMTga a’zo davlatlarga ovoz berishda qatnashishga ruxsat berishi mumkin. Shuningdek, ovoz berish huquqi qarzni to‘lagan mamlakatga avtomatik ravishda qaytariladi. Bosh kotibning maktubiga ko‘ra, ovoz berish huquqini tiklash uchun Eron tashkilot byudjetiga 16,3 mln dollar, MAR esa 29,4 ming dollar to‘lashlari kerak. — TASS.


«Oligarx» tushunchasi Ukraina qonunchiligiga kiritiladi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radaga oligarxlarning haddan tashqari ta’siriga qarshi qonun loyihasini taqdim etdi. Prezident o‘zining matbuot xizmati orqali ushbu qonun oligarx deb tan olinadiganlarning huquqlarini buzmasligini, ammo ushbu konsepsiyaning ta’rifi kiritishi, oligarxlar doirasi belgilanishi va ularning hokimiyat bilan o‘zaro munosabatlari qoidalarini kiritilishini ta’kidladi. Yangi qonun o‘n yilga joriy etilishi rejalashtirilgan.

Mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan, shuningdek, media makonining asosiy segmentlarini nazorat qiladigan shaxs «oligarx» deb hisoblash taklif etilmoqda. Shaxsni oligarx deb tan olish to‘g‘risida qarorni Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (SNBO) qabul qiladi. Ushbu organ, shuningdek, oligarxlar reyestrini yuritadi. Yuqori lavozimli amaldorlar, o‘rinbosarlar, sudyalar va maxsus xizmatlarning rahbarlari oligarxlar bilan aloqalarini ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi. Oligarxlarning o‘zi siyosiy partiyalarni moliyalashtirish va yirik aktivlarni xususiylashtirishda ishtirok etishni taqiqlashga taklif qilinmoqda. — Hujjat.

Avvalroq Ukraina prezidenti uning rahbarlik faoliyatidagi ustuvor yo‘nalishlarni, ya’ni oligarxlarsiz, urushsiz va hamma qonun oldida teng bo‘lgan mamlakatni qurish deb ta’kidlagani haqida xabar bergan edik.


Tashkiliy qo‘mita raisi pandemiya sababli Olimpiadaning bekor qilinishiga qarshi chiqdi

Tokio o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi raisi Seyko Xasimoto Yozgi Olimpiya o‘yinlarining bekor qilinishi yoki qoldirilishiga qarshi chiqmoqda. «Biz yana keyinga qoldira olmaymiz» — dedi u. — Interfaks.

Tokio shahar assambleyasining aksariyat deputatlari O‘yinlarning bekor qilinishiga moyil. Yaponiyaning bosh tibbiy maslahatchisi Sigeru Omining 3 iyun kuni parlament qo‘mitasida aytishicha, hozirgi epidemiologik holatni hisobga olgan holda Olimpiadani o‘tkazish «noto‘g‘ri». Tokioda ishlaydigan olti mingga yaqin shifokorlardan tashkil topgan uyushma ushbu yozda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarini bekor qilishni zarur deb hisoblamoqda. 7 may kuni 190 mingdan ziyod kishi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarini bekor qilishni talab qiladigan onlayn-petitsiyani imzolagan edi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Pfizer va BioNTech bilan Tokio Olimpiadasi ishtirokchilariga vaksinalarni yetkazib berish to‘g‘risida memorandum imzolanganligi haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, Olimpiya o‘yinlari 23 iyuldan 8 avgustgacha, Paralimpiya 24 avgustdan 5 sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Sport tadbirlariga chet eldan tomoshabinlar kelishi taqiqlandi.


Microsoft Windowsning yangi versiyasini taqdim etadi

Taqdimot 24 iyun kuniga mo‘ljallangan. Yangi dasturiy ta’minot interfeys dizaynidagi o‘zgarishlarni, Windows app store (dasturlar do‘koni) orqali yaratuvchilar va ishlab chiquvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni, shuningdek foydalanuvchilar va jamoalar o‘rtasidagi aloqalarni osonroq o‘rnatish usullarini o‘z ichiga oladi. Dasturiy ta’minot dastlab taqdimotdan so‘ng yangi mahsulotlarni sinab ko‘rish uchun ro‘yxatdan o‘tgan Windows sinovchilariga tarqatiladi. Rasmiy chiqishi kuzga rejalashtirilgan. — Bloomberg.


KXDRda mamlakat rahbari o‘rinbosari lavozimi joriy etildi

Koreya ishchilar partiyasida (KIP) birinchi kotib lavozimi joriy etildi. Ma’lum qilinishicha, birinchi kotib KIP bosh kotibi Kim Chen Inning o‘rinbosari vazifalarini bajaradi. Aytilishicha, ushbu lavozimni KXDR yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon egallashi mumkin. «Favqulodda vaziyatlar, shu jumladan Kim Chen Inning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatlarda, Kim Yo Chjon o‘rinbosar lavozimini egallashi mumkin va hokimiyat Kim Chen Inning o‘g‘liga o‘tgan paytgacha vaqtincha voris vazifasini bajaradi», deya Ryonxap Janubiy Koreyaning sobiq birlashish vaziri Li Chon Sokning so‘zlarini keltiradi. Li Chon Sok birinchi kotibni saylash partiya qurultoyini chaqirishni talab qilmasligini ta’kidladi. Shaxs partiya markaziy qo‘mitasining yalpi majlisida ushbu lavozimga tayinlanishi mumkin. — Ryonxap.


Shuningdek:

  • Ryanair bilan bo‘lgan voqeadan so‘ng «Belavia» kompaniyasi 21 ta mamlakatga reyslarni amalga oshira olmaydi.
  • Hozirga qadar Belorusiya sudlari Telegram messenjeridagi deyarli 60 ta kanal va chatlarni ekstremistik deb topdi. 24 may holatiga ko‘ra bunday kanal va chatlar soni 50 tani tashkil qilgan edi.
  • Kolumbiya Milliy ish tashlash qo‘mitasi 9 iyun kuni Bogotada yangi keng miqyosli norozilik namoyishini o‘tkazishga qaror qildi. Avvalroq qo‘mita tomonidan 12 may va 2 iyun kunlari umummilliy namoyishlar o‘tkazilishini e’lon қiлiнган edi. Mamlakatda soliq islohotlariga qarshi namoyishlar 28 apreldan beri bo‘lib o‘tmoqda.
  • Chexiya parlamenti Senatining Xavfsizlik qo‘mitasi respublika prezidenti Milosh Zemanga impichment tartibini boshlash to‘g‘risida taklif kiritdi.
  • NASA Veneraning atmosferasi va geologik xususiyatlarini o‘rganish uchun sayyoraga ikkita yangi missiya yuborayotganini e’lon qildi.
  • Shri-Lanka qirg‘og‘i yaqinida kimyoviy moddalar bilan yuklangan kemaning yonib va cho‘kib ketgani Hind okeanida ekologik falokatni keltirib chiqardi. 20 may kuni X-Press Pearl konteyner kemasi Kolombo shahridan 18 kilometr shimoli-g‘arbda bo‘la turib, portga kirish uchun ruxsat kutib turganida, bortda yong‘in boshlandi. So‘ngra portlash sodir bo‘ldi.