Ryanair bilan bo‘lgan voqeadan so‘ng «Belavia» kompaniyasi 21 ta mamlakatga reyslarni amalga oshira olmaydi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya reyslarni amalga oshira olmaydigan mamlakatlarni sanab o‘tdi. Bular: Litva, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ukraina, Latviya, Finlyandiya, Chexiya, Shvetsiya, Estoniya, Polsha, Italiya, Niderlandiya, Germaniya, Avstriya, Belgiya, Ispaniya, Vengriya, Moldaviya, Serbiya, Kipr, qisman Rossiya (Kaliningrad) mamlakatlari.

Shuningdek, RIA Novosti’ning xabar berishicha, 7 ta mamlakat, jumladan, Polsha, Portugaliya, Gretsiya, Bolgariya, Daniya va Irlandiya hukumatlari o‘z aviakompaniyalaridan Belarusni aylanib o‘tishni rasman talab qilgan.

Yevropa mamlakatlari Belarus hukumatining Afinadan Vilnyusga uchayotgan Ryanair samolyotini Minskka majburiy tarzda qo‘ndirib, Telegram’dagi Nexta kanalining (Belarusda ekstremistik deb tan olingan) asoschisi Roman Protasevichni hibsga olgani uchun «Belavia»ga nisbatan boykot e’lon qilishdi.

Aviakompaniyaning ta’kidlashicha, kompaniya pandemiyadan so‘ng endigina o‘ziga kelishni boshlagan va bu kabi holatga duch kelishlarini umuman kutishmagan.

«Aviakompaniya hozirgi vaziyatga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaganiga qaramay, bizning mutaxassislarimiz yangi yo‘nalishlarni topish va yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib borishmoqda», — deya xabar bermoqda «Belavia».

Hozirda aviakompaniya faqat sakkizta mamlakatga, jumladan, O‘zbekistonga ham ucha oladi. Toshkent va Minsk o‘rtasida haftasiga ikki marta aviqatnovlar amalga oshirilmoqda. «Belavia» samolyotlari, shuningdek Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Isroil, Qozog‘iston, Turkiya va BAAga uchmoqda.

Aviaqatnovlar cheklab qo‘yilgan sharoitda o‘zbekistonliklar ilgari ushbu yo‘nalishdan Yevropaga yoki AQShga sayohat qilish uchun bog‘lovchi yo‘nalish sifatida foydalanishlari mumkin edi.