Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi tashrif chog‘ida quvalik bog‘bon Mastura Sayfullayeva tajribasini namuna qilib ko‘rsatdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Mastura Sayfullayeva Surxondaryoga kelib, anorchilikni ilmiy asosda rivojlantirish uchun Agrar universitetining viloyat filialida tahsil olayotgan talaba qizlar va tadqiqotchi ayollarni ishga jalb qilgan.

«Kecha men ular bilan uchrashdim. Qizlarimiz bilmaydi, tushunmaydi o‘qimaydi, deymiz. Chunki, ularni o‘zimiz o‘qitmaymiz-da. Menga sohani rivojlantirishni ilmiy asoslab tushuntirib, shunday batafsil ma’lumot berishdiki, ularning intilishiga havasim keldi, mehrim oshdi. Ayollarimizning bilimi, malakasi kuchli. Yuzaga chiqarish kerak. Bunday olima ayollarimiz, qizlarimiz oilasiga ham, atrofdagilarga ham foyda keltiradi, o‘zidan ilm nurini sochadi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir o‘rinbosari Shuxrat G‘aniyev, Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolovga Anorchilik yo‘nalishidagi kafedra mudiri va tahsil olayotgan yosh olimalarni Anor yetishtirish tajribasini o‘rganish uchun ilg‘or xorijiy davlatlarga yuborish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali negizida Universitet qoshida Agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev surxon faollari bilan suhbatida davomida yoshlar va xotin-qizlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etishga ham to‘xtalib o‘tdi.

Surxondaryo viloyatida 18−30 yoshdagi 611 mingdan ziyod yoshlarning 57 mingtasi (9,3 foizi) «Yoshlar daftari»ga kiritilgan.

«Daftar»dagi 51 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash choralari va Mirokreditbank 5 ming 300 nafar yoshlarning tadbirkorlik loyihalariga 136 mlrd so‘m kredit ajratishni ta’minlashi zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, Termiz shahrida 2 ta, Denov, Termiz, Sho‘rchi tumanlarida 1 tadan «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari»ni tashkil qilish hamda bu yil maktabni bitirib, mehnat bozoriga yangi kirib keladigan 43 mingdan ziyod yoshlarning bandligini ta’minlanishi kerakligi qayd etildi.

Ma’lumotga ko‘ra, viloyatda 29 ming nafar xotin-qizlar (2,2 foiz) «Ayollar daftari»ga kiritilgan. Shundan yil boshidan buyon 26 ming nafariga amaliy yordam berilgan.

1 sentyabrgacha «Ayollar daftari»ga kirgan 1,5 mingdan ziyod xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha mutassadilarga topshiriq berildi.

Shuningdek, ushbu Jamg‘arma hisobidan og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 112 nafar ayolga ipoteka krediti asosida uy olishda boshlang‘ich badal to‘lab berilishi kerakligi aytildi.

Xalq banki (Farhod Salomov) 2021 yilda 3 ming 774 nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalariga 152 milliard so‘m kredit ajratishi kerakligi ta’kidlab o‘tildi. To‘ra Bobolov, Abduqodir Toshqulovga (oliy ta’lim vaziri) 2021−2022 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlariga kirgan, ota-onasidan biri yoki turmush o‘rtog‘i vafot etgan ehtiyojmand 100 nafar xotin-qizlarning kontrakt to‘lovi viloyat hokimligi, 50 nafari oliy o‘quv yurtlari tomonidan to‘lab berilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Termiz shahrida yil yakuniga qadar ipak mato va tayyor mahsulot ishlab chiqarish, ipak va jun aralashmasidan gilam to‘qish korxonasida ayollar uchun 2 mingta doimiy ish o‘rni yaratilishi belgilandi.