Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati faollari bilan uchrashuvida viloyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha vazirlar va hokimlarga tegishli topshiriqlar bergani, buning natijasini esa aholi albatta his qilishi kerakligini ta’kidladi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Surxondaryoda 100 ming kishi ishsiz, 80 ming nafari chet elda… Hokimlar bo‘yinbog‘ini yechib qo‘yib, haftada bir kun fuqarolar orasida yurib, masalalarni hal qilsa, men undan rozi bo‘laman… Toshkent ko‘mak berishi kerak, lekin viloyatlar o‘zini aravasini o‘zi tortishi kerak», — deya ta’kidladi u.

Prezident deputatlar odamlarni muammolarini o‘rganmayotgani haqida gapirdi.

«Mana kecha, ko‘plab odamlar „prezident bilan uchrashishim kerak“, deyapti. U ham bizni halq. Nimaga deputatlar borib gaplashmaydi? Nimaga ularni muammosini o‘rganmaydi? Qilsa bo‘ladi-ku… Meni qog‘ozdagi raqamlar qoniqtirmaydi. Xalqni rozi qilmasak, ularni ishontirmasak, ertaga ular bizni qo‘llab-quvvatlamaydi. Shuning uchun bugun masalani o‘rtaga qo‘yinglar, savol beringlar. Men Surxondaryoga muammolarni hal qilish uchun kelganman», — dedi u.