Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi «Ayritom» chegara bojxona postiga tashrifi chog‘ida jurnalistlar bilan suhbatlashdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari «O‘zbekiston 24» telekanalining savoliga javob berib, Surxondaryoni yanada rivojlantirish to‘g‘risida gapirdi.

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi o‘sish nuqtalarini — qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, tibbiy turizmni sanab o‘tdi.

Buning uchun davlat rahbari tashrifdan so‘ng Surxondaryo viloyatidagi sharoitlarni hisobga olgan holda mamlakatda biznesni qo‘llab-quvvatlash va unga «maxsus sharoitlar» yaratish choralarini ko‘rmoqchi ekanligini ta’kidladi.

«Nega Surxondaryo? Surxondaryo uchun ba’zi soliqlarni pasaytirishimiz kerak, chunki bu Samarqand emas. Bu [iqtisodiy jihatdan berk] viloyat, Toshkentda ham Surxondaryoda ham teng sharoitlar bo‘lishi uchun biz tadbirkorlarga teng sharoitlar yaratishimiz kerak. U mahsulot ishlab chiqaradi, lekin uni sotolmaydi, chunki yo‘lning narxi, transport xarajatlari bor. Bu yerda biz Surxondaryo uchun maxsus sharoitlarni yaratamiz», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev viloyatdagi asosiy muammo sug‘orish va ichimlik suvi ta’minoti, deb hisoblaydi.

«Andijon viloyatida suv ta’minotini qanday hal qilamiz? Xonoboddan quvur tortmoqdamiz — bu o‘z oqimi bilan hatto Andijon shahriga ham boradi. Xuddi shu tarzda, bizda Sariosiyo tumanida To‘polon suv ombori mavjud. Bu katta loyiha. Surxondaryoliklarni toza, shaffof va erigan ichimlik suvi bilan ta’minlash, shuningdek, chorva mollarini yetishtirish uchun suv va boshqalarni yetkazib berish mening orzuim. Biz buni ta’minlaymiz», — dedi u.

Prezident uning qo‘lida viloyatdagi 721 ta mahallalar sharoitidagi muammolarning tahlili borligini aytdi. U bu «qiyin savollar» ekanligini tan oldi, chunki «yillar davomida odamlarning turmush darajasiga e’tibor berilmagan».

Unga ko‘ra, hukumat o‘z oldiga — mamlakat bo‘ylab 8000 mahallada (jami — 10 mingga yaqin mahalla) yo‘l, ichimlik suvi, maktabgacha va maktab ta’limi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha vazifani qo‘ydi.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryodagi maktablarning holati Surxondaryoga qaraganda 3−4 baravar yomonligini ta’kidladi. Shu sababli, Qashqadaryo viloyatida maktablarni 1 sentyabrga qadar tartibga keltirish uchun ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

«Partalar yo‘q, yo‘l yo‘q. Zilziladan so‘ng haqiqiy ehtiyojlarni hisobdan chiqarish uchun maktab filiallari qurib tashlangan. Ikkita sinf qurdilar — bo‘ldi, bu maktab. Yo‘l yo‘q, elektr energiya yo‘q, sharoit yo‘q. Bu butun yuk bugun bizning zimmamizga, Yangi O‘zbekistonga, bizning davrimizga tushdi», — dedi u.

Davlat rahbari muammolarning murakkabligiga qaramay, ularni hal etish istiqbollari mavjudligini ta’kidladi.

«Bu qiyin, lekin men, mamlakat rahbari sifatida, ertaga odamlar bilan gaplashar ekanman, haqiqiy mas’uliyatni o‘z zimmamga olish [uchun] keldim. Odamlar gaplardan charchagan, ularga haqiqiy loyihalar, pul, infratuzilma berish kerak. Ular bizning tashabbuslarimiz ta’minlanganliligi, shaffof ekanligi, «korrupsiyasiz"ligiga ishonishlari uchun», — dedi u.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev odamlarning hayoti ijobiy tomonga o‘zgarishiga ishontirdi, ammo buning uchun vaqt kerakligi, chunki barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Bu ham noto‘g‘ri. Biz ko‘p yillar davomida hal qilinmagan muammolarni hal qila olmaymiz. Bu masalalarni hal qilishdan qo‘rqishgan, 30 yil ichida hech bo‘lmaganda ichimlik suvini hal qilish mumkin edi. Bugungi kunda 41% (Surxondaryo aholisi suv bilan ta’minlangan), hatto 50% ham emas. Ha, qandaydir tarzda suvni chiqarayotganlar bor, lekin bu suv emas. Toza suv bilan ta’minlash juda ko‘p pulni talab qiladi. Surxondaryoliklarga ular bilishi uchun aytaman: prezident biladi, rahbariyat [muammolar haqida] biladi, lekin biz hamma narsani birdaniga hal qila olmaymiz, chunki buning obyektiv va subyektiv [sabablari] bor», — dedi davlat rahbari.

Prezident, shuningdek, koronavirus pandemiyasi muammolarni hal qilish muddatini orqaga surganini aytdi.