Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan jurnalistlar bilan uchrashuvda Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘li qurilishi haqida ma’lumot berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar berdi.

“O‘zbekiston sharoitida eng katta masala biz katta-katta portlarga chiqish yo‘limiz yo‘q, infratuzilmamiz yo‘q. Avval hamma chegaralarimiz mustahkam yopilgan edi. Agar hozir Surxondaryo haqida gapirsak, mening bu yerda turishimga sizlar ham hayrondirsizlar. Nimaga bu yerga prezident keldi? Men bu yerda ko‘p rahbarlar bilan “Asr loyihasi"ni muhokama qilish uchun, avvalo, Afg‘oniston rahbarini hayrixoh qilish uchun keldim. “Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” degan temir yo‘l loyihasini qurishdan hammangiz xabardor bo‘ldingiz. Toshkentda “Asr loyihasi” qurilishi loyihasiga Pokiston, Afg‘oniston va O‘zbekiston vakillari o‘tirib qo‘l qo‘ydi”, — dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, mazkur loyihaga Jahon banki tomonidan bu loyihaga ilk bosqichlar uchun 35 mln dollar mablag‘ ajratiladi.

“Nima uchun katta banklar bunday loyihalarga pullar beradi? Ularning tahlili shundayki, agar bir haqiqatanam Janubiy Osiyo bilan O‘rta Osiyoni bog‘laydigan yo‘l qilsak bu yo‘lning ham iqtisodiy, ham xavfsizlik tomoni bor. Agar shu yo‘lni amalga oshirsak biz afg‘on xalqining iqtisodini ko‘targan bo‘lamiz. Shu bilan birga, Eron, Pokiston portlariga yo‘l ochiladi. Tasavvur qiling, bu yo‘llar orqali bitta konteyner yukimiz 3−4 barobar arzonlashsa, vaqti 4−5 baravarga qisqaradi. Surxondaryoda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlarini dunyoga eksport qilish uchun qisqa va arzon yo‘llar kerak”, — deya qo‘shimcha qiladi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, tarixda qoladigan ishlardan biri O‘zbekiston xalqiga mulk bo‘ladigan ikkita temiryo‘l — O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temir yo‘li va Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘li hisoblanadi.

“Yaqinda men Rossiya temir yo‘l rahbari bilan uchrashdim. 7 may kuni Rossiya rahbariyati bilan telefon orqali gaplashib, ularga temir yo‘lni tushuntirib berganimizda ular ham mazkur loyihada qatnashishga tayyorliklarini bildirdi. Yaqin 10 kunlar ichida Rossiya, Pokiston, O‘zbekiston, Afg‘oniston hukumati yana bir marta bu temir yo‘lni eng ma’qul, o‘zi 573 km, lekin yo‘lning ham kosmik rasmlarini olib, ham piyoda, vagonda, mashinada yurib eng ma’qul, yanada arzonlashtirish loyihasini ko‘rib chiqadi”, dedi davlat rahbari.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev transafg‘on temir yo‘lining qurilishi O‘zbekiston uchun qo‘shimcha bozorlar paydo bo‘lishi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlar tannarxining 60−70 foizga kamayishiga imkon yaratishini ma’lum qilgan edi. Loyihani amalga oshirish uchun 5 yil ketishi mumkin. Bunga 4,8 mlrd dollar kredit mablag‘larini jalb qilish rejalashtirilayotgani haqida ham xabar berilgan edi. Shuningdek, mazkur qurilish ishlari kelasi yilning sentyabr oyida boshlanishi kutilayotganligi ham ma’lumot berilgan.