Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati faollari bilan uchrashuvda «To‘palang» suv ombori loyihasiga bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov mas’ul bo‘lishini aytdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Xudo bergan shuncha suvimiz turibdi, lekin xalqqa yetkazib bera olmayapmiz. Quyoshdan energiya olyapmiz, endi bu tomonini ham to‘g‘rilab qo‘yaylik. Suv ta’minotini bosqichma-bosqich amalga oshirishimiz kerak. „To‘palang“ suv ombori katta qiyinchiliklar bilan barpo qilingan, endi Surxondaryo xalqiga xizmat qilishi kerak. Ramatov (bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov — tahr.), bu loyihaga boshingiz bilan javob berasiz», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Prezident ushbu loyiha uchun ajratilayotgan mablag‘ xalq uchun ekanligini, uning har bir so‘mi uchun so‘rov qattiq bo‘lishini qayd etdi.

«Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, bu mablag‘ni topib beryapmiz. Agar pandemiya bo‘lmaganida edi, imkoniyatlarimiz yanada ko‘proq bo‘lardi. Koronavirusga qarshi kurashga 80 trln so‘m mablag‘imiz ketdi. Lekin bu pulga achinmayman, xalqimizni imkon qadar asrab qoldik. Demak yangi loyihalar uchun ajratilayotgan bu mablag‘larning so‘rovi bo‘ladi. Oqsoqollar, „Bolam, nima qilyapsan?“ deb rahbarlarni tergab turinglar», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mutasaddilarga halol ishlash kerakligini ta’kidladi.

«Endi halol ishlagan rahmat oladi, o‘g‘rilik qilgan la’nat oladi. O‘z hududida la’nat olib, sharmanda bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.