Iyun oyi davomida barcha hududlarda «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida «Yoshlar oyligi» tashkil etiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, bu yil ilk marotaba barcha tuman va shaharlarda 1 iyundan 30 iyunga qadar turli sohalardagi tanlovlar, festivallar, intellektual o‘yinlar, sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Foto: Videodan lavha

Shuningdek, yoshlar oyligi doirasida hududlarda o‘tkaziladigan tadbir va loyihalar haqida ham ma’lumotlar berildi.

Foto: Videodan lavha

Qayd etilishicha, «Yoshlar oyligi» doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Bo‘zatov Respublika yoshlar ovozi» festivali, Sirdaryo viloyatida «Bag‘rikeng O‘zbekiston — umumiy uyimiz» millatlararo do‘stlik festivali, Farg‘ona viloyatida «Talabalar bahori — 2021» festivali, Surxondaryo viloyatida «Munozara» intellektual respublika turniri, Xorazm viloyatida «Yoshlar — O‘zbekistonning bebaho xazinasi» festivali kabi barcha viloyatlarni qamrab oladigan yoshlar festivallari, tanlovlar, uchrashuvlar va aksiyalar tashkil etiladi.

Ta’kidlanishicha, respublika bo‘yicha 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar soni jami 14 million 784 ming nafarni tashkil etadi. «Yoshlar oyligi» doirasida 4 million 300 mingdan ziyod (14−30 yoshdagilarning 41%) yoshlarni qamrab olish rejalashtirilayotganligi ma’lum qilindi.