Ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors kompaniyasining yangi avtomobillari uchun ko‘p ming sonli navbatlar hosil bo‘layotgani, ayrim dilerlar avtomobilning modeli va komplektatsiyasiga qarab 500 dan 2000 dollargacha «shapka» so‘rayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

UzAutoSanoat rasmiy boti ma’lumotlariga ko‘ra, Lacetti avtomobilini kutayotganlar soni 20 mingdan ziyodroqni tashkil etsa, Cobalt — 6300 dan, Nexia-3 — 1500 dan, Spark — 1600 dan ortiq kishi kutmoqda.

Kompaniya butun dunyo bo‘ylab avtomobilsozlik sanoati yarimo‘tkazgichlar tanqisligi bilan bog‘liq qiyin davrlarni boshdan kechirayotganini eslatib o‘tdi. Mikrochiplarning global tanqisligi bir qator yirik avtomobilsozlik korxonalarida ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatishga olib keldi.

UzAuto Motors ushbu muammoning salbiy oqibatlarini minimallashtirishga muvaffaq bo‘lib, zavodlarning to‘liq to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymagan, biroq bu holat yangi transport vositalarini yetkazib berish muddatini uzayishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda kompaniya mart oyi boshida ogohlantirgan.

«Yuzaga kelgan holatdan foydalanib, ba’zi bir vijdonsiz bo‘lgan subektlar tomonidan spekulyativ vaziyatlar va noqonuniy harakatlar sodir etilmoqda hamda bunga qarshi „O‘zavtosanoat“ AJ faol kurash olib bormoqda», — deyiladi xabarda.

Kompaniya tovlamachilik holatlari haqida mijozlar bilan ishlash markaziga 78 141 77−77 yoki Bosh prokuraturaning 1007 qisqa raqamlariga murojaat qilishni so‘radi.