Prezident Surxondaryo viloyatiga jo‘nab ketdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatiga yo‘l oldi. Ikki kunlik tashrif mobaynida energetika, agrosanoat, savdo va qishloq xo‘jaligi loyihalari bilan tanishish ko‘zda tutilgan.

Sirdaryoda Lasettining gaz balloni yorilishi oqibatida ikki kishi vafot etdi

Sirdaryoda Lasetti mashinasiga o‘rnatilgan gaz balloni yorilishi natijasida ikki nafar yo‘lovchi vafot etdi. Haydovchi va bir nafar yo‘lovchi jarohatlar bilan tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.

O‘zbekiston Hirotdagi Alisher Navoiy maqbarasida sakkiz burchakli masjid barpo etadi

O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonning Hirot shahridagi Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida sakkiz burchakli masjidi quriladi. Kirish peshtog‘idan hovli qismining chap va o‘ng tomonida yopiq uslubda ayvonlar barpo etiladi. Maqbaraning tashqi ko‘rinishiga bezak berilib, kirish va qolgan yo‘laklarida shoirning hikmatli suzlari bitilgan kitob ko‘rinishidagi belgilar qo‘yiladi.

O‘zbekistonlik bokschilar Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallashdi

Boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar jamoasi BAAda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 6 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza olib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalashdi.

DXX Afg‘onistondan olib kirilayotgan 7 kg giyohvandlik moddasini musodara qildi

DXX tomonidan Sirdaryo va Samarqandda jami 7 kg, Dang‘ara tumanida 1 kg dan ortiq, Farg‘ona viloyatida 1,3 kg giyohvandlik moddalari topildi va musodara qilindi.

May oyida inflyatsiya 0,5 foizni tashkil qildi

May oyida inflyatsiya 0,5% ni tashkil etdi. Oziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foizga, xizmatlar 0,7 foizga qimmatladi.

Sherobod quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi tashrifi chog‘ida Sherobod quyosh elektr stansiyasi qurilishi munosabati bilan uning poydevoriga kapsula qoʻydi. Mazkur elektr stansiya loyihasini Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi amalga oshiradi va 260 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qiladi.

O‘zbekistonda kelgusida OTMlarga kirish imtihonlari bekor qilinishi mumkin

DTM bosh boshqarmasi boshlig‘i Farhod Mirzayev O‘zbekistonda kelgusida OTMlarga kirish imtihonlari bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qildi. Kirish imtihonlaridan voz kechilsa, abituriyenlar maktab imtihonlari natijalariga asosan OTMga qabul qilinadi. Shuningdek, 2021−22 o‘quv yili uchun OTMlarga kirish test sinovlarini 2 ta ssenariy — yopiq va ochiq maydonlarda o‘tkazish kelishib olingan.

O‘zbekistonga 70 ming doza “Sputnik V” vaksinasi olib kelindi

O‘zbekistonga Rossiyadan “Sputnik V” vaksinasining navbatdagi 70 ming dozalik 1-komponenti olib kelindi. Shu bilan O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 4 mln 330 ming dozaga yetdi.

Chirchiq sohilidagi Daryo bo’yi Business City loyihasi qanday ko‘rinishda bo‘ladi

Toshkent hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev prezidentga Chirchiq daryosining toraytirish va yangi ochilgan hududda turli infratuzilma obyektlarini barpo etishni ko‘zda tutadigan Daryo bo’yi Business City loyihasini taqdim etdi. Uzunligi 5 km bo‘lgan (16 km dan) birinchi uchastkada ishlarni 2021 yilda yakunlash rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 100 million dollarga baholanmoqda.

Bizda anorchilik bo‘yicha an’ana bor, lekin ilm yo‘q — prezident

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi anorchilikka ixtisoslashgan bog‘lar bilan tanishdi. Viloyatda qishloq xo‘jaligini innovatsion yo‘naltirish bo‘yicha institut tashkil etish, anor bilan birga limon, xurmo yetishtirishni ko‘paytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. “Bizda anorchilik bo‘yicha an’ana bor, lekin ilm yo‘q, kitob yo‘q, laboratoriya yo‘q. Anor jaydari usulda yetishtirilyapti”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iyunda O‘zbekiston bo‘ylab “Yoshlar oyligi” tashkil etiladi

Iyun oyi davomida barcha hududlarda “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” tashkil etiladi. Oylik doirasida 4 million 300 mingdan ziyod yoshlarni qamrab olish rejalashtirilayotganligi ma’lum qilindi.

Yo‘llardagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzildi

Respublikada yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzildi. Guruh tarkibiga Hukumat, ichki ishlar, transport, moliya vazirliklari, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idoralar va tashkilotlarning rahbar va malakali mutaxassislari kiritilgan.

Prezident Surxondaryoda g‘alla o‘rish kombaynini haydadi — video

Shavkat Mirziyoyev “Angor Surxon g‘ururi” klasteri dalasida g‘alla o‘rish kombaynini haydadi.

UzAuto Motors “shapka tizimi” qaytgani haqidagi xabarlarga izoh berdi

UzAuto Motors yangi avtomobillari uchun ko‘p ming kishilik navbatlar yuzaga keldi. Tarmoqlarda “shapka tizimi” qaytgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Kompaniya ayrim dilerlar mikrochiplar bozoridagi vaziyatdan foydalanishga harakat qilayotganini ma’lum qilib, noqonuniy harakatlar haqida xabar berishga chaqirdi.

31 may kunduz kuni uchun havo haroratining mutlaq maksimumi yopildi

O‘zgidromet 31 may kunduz kuni uchun havo haroratining mutlaq maksimumi yopilgani haqida xabar berdi. Buxoroda 43 daraja, Urganchda 42.9 daraja maksimal havo harorati kuzatildi.