May oyida iste’mol bozorida tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,5 foizga o‘sdi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida. Yil boshidan buyon ularning narxi o‘rtacha oylik qiymati 0,9% bo‘lgan holda 4,6% ga o‘sdi. Yillik hisobotda iste’mol narxlari indeksining o‘sishi 10,9% ga etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foizga, xizmatlar 0,7 foizga qimmatladi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

May oyida oziq-ovqat mahsulotlari va spirtsiz ichimliklar orasida mevalar va yong‘oqlar sezilarli farq bilan yetakchilik qilib, oy davomida ular 8,9% ga qimmatlashdi. Bundan tashqari, bir foizlik o‘sish chegarasini shakar, qandolatchilik mahsulotlari va desertlar (1,3%) hamda baliq va boshqa dengiz mahsulotlari (1,1%) ham bosib o‘tdi. Narxlarning pasayishi sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar (-7,3%) hamda yog‘-moy mahsulotlari (-0,6%) narxlarida qayd etildi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan (meva-sabzavotlardan tashqari) oy davomida shakar (2,5%), tirik, muzlatilgan baliq (1,5%), grechka (1,3%), suyakli mol go‘shti (1,1%), qo‘y go‘shti (0,9%), suyaksiz mol go‘shti (0,8%), sut (0,5%) sezilarli darajada qimmatlashdi.

Oy davomida narxlarning pasayishi paxta yog‘i (-1,5%), kungaboqar yog‘i (-0,2%), suli yormasi (-0,3%), manniy yormasi (-0,1%) narxlarida qayd etildi. Yettita hududda tuxum narxlarining pasayishi (-0,4% dan -2,5% gacha), oltita hududda narxlarning oshishi (0,6% dan — 1,6% gacha) qayd etildi.

May oyi davomida meva-sabzavot mahsulotlaridan sabzi (30,2%), lavlagi (22,4%) va olma (16,7%) narxlari boshqalarga nisbatan sezilarli darajada yuqori ko‘tarildi. Narxlarning sezilarli darajada pasayishi yangi uzilgan bodring va pomidor (-62,8% va -40,4%), bulg‘or qalampir (-29,4%) narxlarida qayd etildi. Yil boshidan boshqalarga qaraganda sabzi (1,6 barobar), lavlagi va qovoq (1,5 barobar) sezilarli darajada qimmatlashgan bo‘lsa, yangi uzilgan bodring (-72,7%) va pomidor (-13,8%) narxlarida boshqalarga nisbatan sezilarli pasayish qayd etildi.

Spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari

Spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari oy davomida 0,3% ga qimmatlashdi. 2020 yilning dekabriga nisbatan tamaki mahsulotlari 6,9% ga, spirtli ichimliklar o‘rtacha 4,2% ga qimmatlashdi. Yillik nisbatda tamaki mahsulotlari narxlari 12,7% ga, spirtli ichimliklar 9,1% ga oshdi.

Turar jooy xizmatlari

May oyida turar joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa yonilg‘I turlari narxlarida sezilarli o‘garishlar kuzatilmadi. Narxlarning pasayishi sement (-1,5%) va deraza oynalari (-0,3%) narxlarining pasayishi bilan bog‘liq holda turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar (-0,1%) guruhida qayd etildi. Slesarlar, santexniklar, elektriklar va bo‘yoqchilar xizmatlari aksincha, oy davomida 0,3% ga qimmatlashdi.

Yil boshidan turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar 2,9% ga (2020 yil mayiga nisbatan 10,4% ga), turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari 2,8% (13,9%), sovuq suv va kanalizatsiya uchun to‘lovlar 1,6 barobarga (1,9 barobarga), ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish 1,7% (2,2%), chiqindilarni yig‘ish va olib ketish uchun to‘lov 1,1% ga (3,2%) qimmatlashgan.

Uy-ro‘zg‘or asboblari, maishiy texnika va turar joylarga kundalik xizmat ko‘rsatish

Uy xo‘jaliklarida ishlatiladigan to‘qimachilik mahsulotlarini tikish hamda gilam mahsulotlarini yuvish va tozalash xizmatlari 0,9% ga, oshxona buyumlari, yuvish va tozalash vositalari 0,4% ga, yirik va kichik maishiy priborlar 0,1% dan 0,4% gacha oraliqda, boshqa qisqa muddatli foydalanish uchun buyumlar 0,6% ga, maishiy mebel 0,2% ga, ularni o‘rnatish va ta’mirlash xizmatlari 0,4% ga qimmatlashdi.

Umuman olganda, 2021 yilning dastlabki besh oyida uy xo‘jaligini yuritish va maishiy xizmatlar (7,4%), jumladan zarakunandalarni dezinfeksiyalash va yo‘qotish xizmatlari (13,2%) narxlar oshishi bo‘- yicha yetakchi bo‘ldi. Yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinlar ham uy xo‘jaligini yuritish va maishiy xizmatlarga (19,3%) tegishli bo‘ldi.

Tibbiy xizmatlar

Sog‘liqni saqlash sohasida kuzatiladigan asosiy tovarlar va xizmatlardan 2021 yilning may oyida davolovchi massaj (1,8%), diagnostika vizualizatsiyasi (1,1%), davolovchi statsionar va reabilitatsiya (1,0%) hamda stomatologiya (0,9%) xizmatlari narxlari oy davomida boshqalarga nisbatan sezilarliroq oshdi.

Yil boshidan narxlarning yuqori darajada oshishi statsionar davolash (7,8%) hamda diagnostika vizualizatsiyasi va tibbiy laboratoriya xizmatlari (6,5%) narxlarida qayd etildi.

2020 yilning mayiga nisbatan diagnostika vizualizatsiyasi va tibbiy laboratoriyalar (14,9%), statsionar davolash va reabilitatsiya (14,4%) hamda ambulator davolash va reabilitatsiya (13,6%) xizmatlari sezilarli darajada qimmatlashdi.

Transport xizmatlari

Mazkur bo‘limda respublika bo‘yicha o‘rtacha 3,7% ga qimmatlashgan benzin narxlarining oshishi hal qiluvchi inflyatsion omil bo‘ldi. Propan narxlari oy davomida 3,2% ga oshdi, metan aksincha 0,5% ga arzonlashdi. Transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari 1,1% ga, moylash mahsulotlari 0,4% ga qimmatlashdi.

Mahsulotlarni yetkazib berish xizmatlari 1,8% ga qimmatlashdi. Yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari qiymati 0,9% ga oshdi. Shu bilan birga, kuzatilayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha havo va temir yo‘l transporti chiptalari narxlarida (mos ravishda 2,6% va 0,8%) hamda shaharlararo (2,1%) va shahar ichida (1,5%) avtobus uchun to‘lovlar narxlarida yuqoriroq o‘sish qayd etildi.

2021 yil boshidan narxlarning sezilarli oshishi benzin (14,2%), yillik nisbatda esa havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari (1,4 barobar) narxlarida qayd etildi.

Axborot va aloqa

Oy davomida turg‘un aloqa vositasi uskunalari 0,6% ga, axborot va kommunikatsiya uskunalarini ta’mirlash va ijaraga berish 0,5% ga, mobil aloqa vositalari, axborotni qayta ishlash uskunalari hamda ovoz va tasvirlarni qabul qilish, yozib olish va aks ettirish uchun uskunalari 0,3% ga qimmatlashdi.

Umuman, 2021 yilning yanvarmay oylarida boshqalarga nisbatan axborot va kommunikatsiya uskunalarini ta’mirlash (5,1%), kompleks telekommunikatsiya xizmatlari (3,9%) hamda ovoz va tasvirlarni qabul qilish, yozib olish va aks ettirish uchun uskunalar (4,6%) narxlari sezilarli darajada oshdi.

Yillik nisbatda, katta farq bilan narxlar oshishi bo‘yicha ustunlikni axborot va kommunikatsiya uskunalarini ta’mirlash xizmatlari (15,4%) egallab turishda davom etmoqda.

Dam olish, sport va madaniyat

May oyida mazkur bo‘limda asosiy narxlar oshishi fotosurat sohasidagi xizmatlar hamda bog‘dorchilik mahsulotlari, o‘simliklar va gullar narxlarida qayd etildi (0,7% dan). Kanselyariya tovarlari va rasm chizish uchun materiallar hamda ochiq havoda dam olish, sport va turizm uchun uskunalar oy davomida 0,3% ga qimmatlashdi.

2020 yilning dekabriga nisbatan eng yuqori narxlar oshishi gazetalar va davriy nashriyot (14,6%) narxlarida qayd etildi.

Yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik darsliklar va o‘quv vositalariga tegishli bo‘lib, o‘tgan yilning mayiga nisbatan 36,0% ga qimmatlashgan.

Ta’lim sohasidagi xizmatlar

Ta’lim sohasidagi xizmatlarmay oyidan davlat maktabgacha ta’lim muassasalari (MTM) to‘lovlari miqdori o‘rtacha 15% ga oshdi. Sakkizta hududda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari to‘lovlari 1,4% dan 4,8% gacha oraliqda (qolgan oltita hududda narxlar o‘zgarmasdan qolganligini hisobga olgan holda ushbu xizmat turi bo‘yicha narxlarning oshishi respublika bo‘yicha o‘rtacha 1,6% ni tashkil etdi). Repetitorlar xizmatlari oy davomida 1% ga, o‘quv kurslarida ta’lim olish 0,5% ga qimmatlashdi.

Yil boshidan repetitorlar xizmatlari narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 4,2% ga, kurslarda o‘qish 3,5% ga, davlat va nodavlat MTM xizmatlari mos ravishda 15,0% va 3,0% ga oshdi.

Yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik davlat MTM (15,0%) chet tili va boshqa o‘xshash kurslarda o‘qitish (8,8%) hamda repetitorlar xizmatlariga (8,6%) tegishli bo‘ldi.

Restoranlar va mehmonxonalar xizmatlari

Kafelar va oshxonalarda tayyor ovqatlar oy davomida 0,2 — 0,4% chegarasida qimmatlashdi. Otellar, mehmonxonalar va shu kabi mehmonxonalar xizmatlari ushbu davrda 0,2% ga arzonlashdi, dam olish markazlari xizmatlari qiymati o‘tgan oy darajasida qoldi.

Yanvar-may oylarida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik dam olish markazlari xizmatlariga tegishli bo‘lib, ularning narxlari ushbu davrda 17,3% ga oshdi.

2021 yilning may oyida yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘icha birinchilik ham dam olish markazlari xizmatlariga (24,3%) tegishli bo‘ldi. Kafelar va oshxonalarda tayyor ovqatlar o‘tgan yilning may oyiga nisbatan 13,7% va 15,4% ga, boshqa ovqatlanish muassasalarida 16,1% ga qimmatlashdi. Otellar, mehmonxonalar va shu kabi mehmonxonalar xizmatlari 2020 yilning may oyiga nisbatan 10,6% ga qimmatlashgan.

Sug‘urtalash va moliyaviy xizmatlar

Sug‘urta va moliyaviy xizmatlar qiymatlari oy davomida deyarli o‘zgarishlarga duch kelmadi. Milliy valyuta qiymatining AQSh dollariga nisbatan o‘zgarishi natijasida faqatgina pul o‘kazmalari uchun to‘lovlarda 0,6% ga oshish qayd etildi.

2021 yil yanvar-may oylari davomida sug‘urta xizmatlari qiymatlari ham barqaror darajada qoldi, moliyaviy xizmatlar esa 1,4% ga qimmatlashdi. joriy yilning dastlabki besh oyi davomida bank xizmatlari 2,6% ga, pul o‘tkazmalari uchun to‘lov qiymati 0,8% ga oshdi.

Yillik nisbatda moliyaviy xizmatlar narxlarining oshishi 6,2% darajasida qayd etilib, bunga bank xizmatlari qiymatlarining 1,1% ga, pul o‘tkazmalari uchun to‘lov 4% ga hamda elektron to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazmalari uchun to‘lovning 18,9% ga qimmatlashishi ta’sir o‘kazgan.

Maishiy tovarlar va xizmatlar

Maishiy tovarlar va xizmatlardan sartaroshxonalar xizmatlari oy davomida 1,2% ga, shaxsiy xizmat ko‘rsatish korxonalari xizmatlari 0,6% ga, shaxsiy foydalanish uchun asboblar, buyumlar va tovarlar (elektr buyumlardan tashqari) o‘rtacha 0,6% ga qimmatlashdi.

Soatsozlik xizmatlari may oyida 0,8% ga, yo‘l uchun buyumlar, bolalar uchun buyumlar va boshqa toifalarga kiritilmagan shaxsiy foydalanish uchun buyumlar 0,3% ga qimmatlashgan. Boshqa xizmatlar orasida may oyida hujjatlarni nusxalash (kserokopiya) xizmatlari boshqalarga qaraganda sezilarliroq oshdi (1,3%).

Umuman olganda, 2021 yilning yanvar-mayida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi uchlikdan diniy xizmatlar (11,7%), huquqiy tusdagi xizmatlar (9,5%) va sartaroshxonalar xizmatlari (9,3%) o‘rin oldi.