Respublikada yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi o‘z faoliyatini boshladi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Guruh tarkibiga Hukumat, ichki ishlar, transport, moliya vazirliklari, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idoralar va tashkilotlarning rahbar va malakali mutaxassislari kiritilgan.

Guruh tomonidan yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olishning bugungi kundagi holati kompleks ravishda o‘rganilib, ilg‘or xorijiy tajribasi va ilmiy yondashuvlarni qo‘llash asosida normativ-huquqiy va manzilli tashkiliy-amaliy choralar ishlab chiqiladi.

Alohida e’tibor, yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq jiddiy muammolar — yo‘llarning holati, piyodalar o‘tish joyi, yo‘l belgilari, tartibga solinmagan chorrahalar va boshqalarga qaratilib, ularni tubdan yaxshilash bo‘yicha har tomonlama choralar ko‘riladi.

Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha aholini qiynayotgan muammolar o‘rganilib, ko‘riladigan kompleks chora-tadbirlar haqida jamoatchilikka axborot beriladi hamda fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqiladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda jami 2242 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgani haqida xabar bergan edik. Avariyalar natijasida 557 kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, yana 1684 kishi jarohatlangan.

Avariyalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar qatorida tezlikni oshirish — 32,4 foiz, piyodalar o‘tish yo‘laklari yo‘qligi sababli belgilanmagan joydan o‘tish — 16,2 foiz, ustuvor huquqqa ega transport vositasini o‘tkazib yubormaslik — 11,6 foiz, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish — 9,3 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, 4 foiz avariya yo‘l harakatini noto‘g‘ri tashkil etish va yo‘llardagi nosozliklar, yana 4,1 foizi esa veloyo‘laklar bo‘lmagan joylarda ularni urib yuborish kabi holatlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu bilan birga, 4 oy davomida bolalar ishtirokidagi YTH soni 25,3, ularda halok bo‘lgan bolalar soni 64,5 foizga oshgan.