Davlat xavfsizlik xizmati giyohvandlik moddalari va psixotrop vositalarni aniqlash va musodora qilishning bir nechta holatlari to‘g‘risida xabar berdi.

DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlarining Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida «Samarqand — Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtotransport vositasi Sirdaryo viloyatidagi «Yangiobod» YPX maskanida to‘xtatilgan.

Avtomashina tekshirilganda yo‘lovchi sifatida ketayotgan chet el fuqarosi hamda Toshkent shahrida yashovchi mahalliy fuqaro yonida 3 kg 165 gramm «opiy» giyohvandlik vositasi hamda 35 dona psixotrop tabletka borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ular mazkur giyohvand moddalarni Samarqand shahridagi avtoturargohda xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi bo‘lgan chet el fuqarosidan 15 ming AQSh dollariga sotib olganliklari ma’lum bo‘ldi.

Ushbu xorijlik haydovchi vaqtincha bo‘lib turgan Samarqand shahridagi avtoturargoh hamda uning boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomashinaning salon qismida 15 ming AQSh dollari hamda u tomonidan avtoturargohning yordamchi binosiga yashirib qo‘yilgan 3 kg 960 gramm «opiy» giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, Afg‘onistonda yetishtirilgan ushbu narkotik moddalar uchinchi davlat orqali O‘zbekistonga olib kirilgan.

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Toshkent — Qo‘qon» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Nexia-1 rusumli avtotransport vositasi Dang‘ara tumani hududida to‘xtatilgan. Avtomashina tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi 3 nafar fuqaroga tegishli bo‘lgan 1 kg dan ortiqroq og‘irlikdagi «gashish» giyohvand moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvand modda Tojikiston Respublikasida 7 ming AQSh dollariga sotib olinib, so‘ngra Toshkent viloyati Bekobod tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan.

Farg‘ona tumanida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro Qirg‘izistonning Qadamjoy tumanida istiqomat qiluvchi shaxs tomonidan o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasidagi sim to‘siqlar ustidan uloqtirilgan 1 kg 367 gramm «gashish» giyohvandlik moddasini qabul qilib olib, kelgusida sotish maqsadida o‘z xonadoniga yashirib qo‘ygan. DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda uning xonadonidan ushbu giyohvandlik moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Farg‘ona tumanida kuzatilgan yana bir holatda 1981 y.t., muqaddam sudlangan fuqaro o‘z yashash xonadonida 1981 y.t. hamqishlog‘idan 983 gramm «gashish» moddasini qabul qilib olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlandi. Shuningdek, giyohvandlik moddasini qo‘shni davlatdan olib o‘tishga ko‘maklashgan 1995 y.t. uchinchi shaxs ham qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Qirg‘izistonda 6500 AQSh dollariga sotib olinib, kontrabanda yo‘li bilan respublika hududiga olib o‘tilgan.

DXX Namangan viloyati boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Namangan — Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan Namangan shahrida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro boshqaruvidagi Nexia-3 avtomashinasi Qamchiq dovonida joylashgan YPX maskanida to‘xtatilgan. Avtomashinaning salon qismida Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy olib kelingan 2800 dona kapsuladagi «Regapen» va 1309 dona flakondagi «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.