Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar hamda Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Afg‘onistonning Hirot shahridagi Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish vazifasi prezidentning 2020 yil 19 oktyabrdagi «Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan edi.

Prezident matbuot xizmati

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston mutaxassislari afg‘onistonlik hamkasblar bilan birgalikda maqbarani joyida o‘rgandi. O‘rganishlar natijasida an’anaviy me’morchilik, san’at va bezak elementlaridan foydalangan holda maqbarani ta’mirlash va tiklash loyihasi ishlab chiqildi, deyiladi xabarda.

Taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, maqbaraning kirish va qolgan yo‘laklariga Hazrat Navoiyning hikmatli suzlari bitilgan kitob ko‘rinishidagi belgilar qo‘yiladi hamda dekorativ o‘tirgichlar o‘rnatiladi. Kirish qismida sakkiz burchakli masjid bunyod etiladi. Kirish peshtog‘idan hovli qismining chap va o‘ng tomonida yopiq uslubda ayvonlar barpo etiladi.

Maqbaraning tashqi ko‘rinishiga bezak beriladi. Gumbaz, maqbara oldi va yon qismlari mayolika elementlari bilan ishlanadi. Majmua hududi ko‘kalamzorlashtiriladi.

2020 yilning dekabr oyida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘appor Qirg‘izboyev rahbarligidagi delegatsiyaning Afg‘oniston Islom Respublikasiga safari amalga oshirilgan edi. Safar chog‘ida O‘zbekiston tomoni Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va uning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha Afg‘onistonning mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.