28 may kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasi tomonidan Pro ligada qatnashuvchi «Yangiyer» hamda «Sho‘rtan» futbol klublarining ayrim vakillari haq evaziga kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi va totalizator o‘ynab kelgan shaxslarga yordam berganligi aniqlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha O‘FA maxsus inspeksiyasi tomonidan tegishli ma’lumotlar to‘planib, O‘FA Etika qo‘mitasiga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun taqdim etildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlar bo‘yicha O‘FA Etika qo‘mitasining yig‘ilishi o‘tkazilib, unda Pro liga musobaqasida qatnashuvchi «Yangiyer» hamda «Sho‘rtan» futbol klublarining ayrim vakillariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgan. Bunda ayrim futbolchi va mutaxassislar kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi, totalizator o‘ynab kelgan shaxslarga yordam berganligi hamda yordam berishga uringanligi uchun 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan muddatlarga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi.

O‘FA xabarida «Yangiyer» va «Sho‘rtan» futbol klublarining aynan qaysi futbolchilari ma’lum muddatga chetlatilgani haqida xabar berilmagan. Holat yuzasidan «Gazeta.uz» «Sho‘rtan» futbol klubi matbuot xizmati bilan bog‘langanida bu haqda ma’lumot berish jamoaning vakolatiga kirmasligi ta’kidlandi.

O‘FA yuristi Dilshod Norqobilov «Gazeta.uz»ga ushbu ma’lumotlarni oshkor qilish faqatgina Etika qo‘mitasining vakolat doirasida ekanligi, shuningdek, mazkur ma’lumotlar shaxsga doir ma’lumotlar hisoblanishini inobatga olib, ularni e’lon qilish shaxsning huquq va manfaatlariga ziyon yetkazmasa yoki hayotiga xavf solmasagina Etika qo‘mitasining qarori bilan oshkor qilinishi mumkinligini aytib o‘tdi.

29 may kuni Pro liga doirasida 9-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. «Yangiyer» jamoasi o‘z maydonida «Xorazm» bilan kuch sinashdi. «Sho‘rtan» jamoasi esa «Oqtepa»ga qarshi mehmonda bahs olib bordi.

Ma’lumot uchun, ayni vaqtda O‘zbekiston Pro ligasida 9-turdan keyin «Yangiyer» jamoasi 8 o‘yinda qatnashib, 2 g‘alaba, 3 durang va 3 mag‘lubiyat bilan 6-o‘rinda bormoqda. «Sho‘rtan» klubi esa 2 durang hamda 6 mag‘lubiyat qayd etib, 9-pog‘onani egallab turibdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 4 dekabrdagi «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab Kapital bozorini rivojlantirish agentligi litsenziyasi asosida bukmekerlik faoliyatini yuritishga ruxsat berilgan edi.

Farmonda tegishli vazirlik va idoralarga 2020 yil 1 iyunga qadar shaxslar tomonidan bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishni buzish, shuningdek, totalizator o‘ynash, o‘yinga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishilgan o‘yinlar o‘tkazish, ularda ishtirok etish yuzasidan javobgarlikni belgilash bo‘yicha Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirilgan.

2020 yilda Superliga va Pro liga ishtirokchilari: futbolchilar, murabbiylar, hakamlar, inspektorlar va boshqa rasmiy shaxslar «Futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida deklaratsiya»ga imzo chekishgan edi. Unga ko‘ra, futbol rasmiylari PFL va O‘FA tomonidan qo‘yilgan bir qator shartlarni qabul qilishdi va ularga rozilik berishgan. Ulardan biri bukmekerlik faoliyatida, totalizator o‘yinlarida, futbol bilan bog‘liq rasmiy sport turlariga pul tikish kabi o‘yinlarda ularning ishtirok etishi qat’iy taqiqlanadi. 2021 yildan boshlab bu kabi ishlarda ishtirok etishga nisbatan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq javobgarlik belgilanishi kerak edi.

Professional futbol ligasi rahbari Diyor Imomxo‘jayev «Ular» loyihasiga bergan intervyusida bukmekerlik idoralarining qonuniylashtirilishi kapitalning O‘zbekistondan chiqib ketishini kamaytirishga yordam berishini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda mamlakat onlayn-totalizator va bukmekerlarning «qora bozor"ida $50 mln atrofida mablag‘ yo‘qotayotgandi.