Samarqand viloyatining Toyloq tumanidagi maktabda 9-sinf o‘quvchisi sheriklari bilan maktab direktori o‘rinbosarini kaltakladi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 26 may kuni direktor o‘rinbosari A.S. 9-sinf o‘quvchisi A.Sh. imtihonga kechikib kelganligi sababli unga tanbeh berib, og‘zaki urishganligi uchun o‘quvchi arazlab maktabdan chiqib ketgan. O‘quvchi shu kuni amakisining o‘g‘illari M.Sh. va S.Sh.larni maktabga birga olib kelgan, ular direktor o‘rinbosarini xizmat xonasida urishib, unga tan jarohati yetkazishgan.

Holat yuzasidan 31 may kuni Toyloq tuman IIB huzuridagi TB tomonidan M.Sh. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bezorlik bir guruh shaxslar tomonidan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.