31 may kuni Qashqadaryo viloyati hokimligida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi faoliyatiga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshqarma boshlig‘i Asror Alimardonovni mas’uliyatsizlikda ayblab, bog‘chalardagi ortiqcha tekshiruvlar haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Nasafnews.

«Bugun hamma tuman va shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbarlari bo‘shatiladi. Bundan keyin bo‘lim rahbarlariga hokimlar tavsiya beradi. Ishlayman degan rahbar kelib, o‘zini dasturi va taklifi bilan bizni tanishtiradi», — dedi viloyat hokimi.

Zoyir Mirzayevning ta’kidlashicha, hududlardagi bog‘chalarda tekshiruvchilar juda ko‘p bormoqda. Ammo boradigan tekshiruvchilar (boshqarma xodimlari nazarda tutilgan) bog‘chaga yordam emas, zarar keltirmoqda.

«Ovqatini ichib, choyini ichib, keyin qonini ham ichib ketayapti», — deydi u.

Xabarga ko‘ra, viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev va boshqarma boshlig‘i Asror Alimardonov jiddiy tanqid ostiga olindi.

Rahbarlar tanqidiy yig‘ilish haqidagi xabarnomani tumanlarga yetkazmagani, oqibatda Qarshi shahar va Chiroqchi tumani, Shahrisabz shahridan ko‘plab bogchalar mudiralari yig‘ilishga kelmagani ta’kidlandi.

Tashkiliy masalaga e’tibor qilmagani uchun Rustam Yo‘ldoshev 3 oylik ish haqini davlatga qaytarib to‘lashi ma’lum qilindi. Uning kotibiyat mudiriga esa hayfsan e’lon qilindi, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda Zoyir Mirzayev barcha tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbarlari vazifasidan ozod etilib, 3 oylik sinov muddatida vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishini taklif qildi.

Aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev ishdan olingan sektor rahbarlarini «siyosatga hiyonatchi» deb atagan edi. «Ishdan olinganlar ishlagan davridan boshlab hamma oyligini davlatga topshirsin. Televizorda rasmini chiqazib, „xiyonatchi“ deb berish kerak», — degan edi davlat rahbari.