Avvalroq, Andijonda kelin o‘z qaynonasini joynamoz ustida ketmon bilan chopib o‘ldirgani aytilayotganligi haqida xabar berilgan edi. Bosh prokuraturaning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, ayol uning sobiq kelini emas, balki u bilan turmush qurgan erkan o‘ldirgan.

Qayd etilishicha, M.E. (gumonlanuvchi, 1977 y.t.) 14 aprel kuni soat 17:42 larda, o‘zi yashab kelayotgan Oltinko‘l tumani «Markaz» MFY, Maorif ko‘chasi 27-uy oldida, mazkur xonadonda yashovchi M.Ergasheva (1942 y.t.) bilan xonadonni devor bilan bo‘lish masalasi yuzasidan o‘zaro tortishib, qo‘lida bo‘lgan ketmon bilan M.Ergashevaning bosh qismiga urib, «og‘ir» shikast yetkazib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Ayblanuvchi M.E. o‘zining ko‘rsatmalarida, M.Ergasheva (marhuma) yashash xonadonidan ketmon olib chiqib, «voy-dod meni uryapti» deb baqirganligi sababli, uni «baribir urdi deb» tuhmat qiladi deb, qo‘lidagi ketmonni olib boshiga bir marotaba urganligini bildirgan.

Ish bo‘yicha asosiy guvoh hisoblangan, O‘.U. ayblanuvchi M.E. yashash xonadoni ichkarisida ustalar bilan janjallashib, ularni quvlab ko‘chaga ketmon bilan chiqqanligi, shu vaqtda ko‘chada marhuma M.Ergasheva turganligini ko‘rib, uni oldiga ketmon bilan yugurib borib, bir marta ketmonni kesuvchi qismi bilan boshiga urib, M.Ergashevani yerga yiqitganligini, so‘ng ketmon bilan qolgan ustalar tomonga urmoqchi bo‘lib ketayotganida, uni qo‘lidagi ketmonni o‘sha yerda bo‘lgan ustalar qo‘lini qayirib olib qo‘yishib, uni ushlab ichki ishlar xodimlariga topshirganligini bildirgan.

Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, M.Ergashevani murdasida «bosh miya yopiq shikasti, bosh gumbaz va asos suyaklarini ochiq sinishi, bosh miya to‘qimasining majaqlanishi, bosh miya lat yeyishi, bosh miya to‘qimasiga qon quyilishi, uzunchoq miya, Voraliyev ko‘prigi, miyacha, o‘rta miya va orqa miya bo‘yin sohalari pardalari ostiga, miya to‘qimalariga o‘choqli qon quyilishlari, bosh o‘ng chakka tepa sohasida chopilgan va lat yeb yirtilgan yaralar, bosh o‘ng chakka tepa saxasida teri osti qon quyilishi, o‘ng ko‘z yuqori va pastki qovoqlar, o‘ng quloq suprasi sohalarida shilinma va qontalashlar, o‘ng qo‘l 5-kaft suyagini ochiq sinishi, chap va o‘ng qo‘l o‘ng yon bosh sohalarida shilinmalar, qontalashlar» aniqlangani, ushbu jarohatlar uning o‘limiga sababchi bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Holat bo‘yicha hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda 2 dona xo‘jalik ketmoni, 1 dona temir ketmon va qonga o‘xshash dog‘lardan namunalar olingan.

Gumonlanuvchi M.E. dan 14 aprel kuni olingan qon namunasida 1,5% etil spirti borligi aniqlangan.

M.E. 14 aprel kuni JPKning 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlanib, unga nisbatan 15 aprel kuni JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (Jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Xayot Shamsutdinovning qo‘shimcha qilishicha, gumonlanuvchi M.E. marhumaning sobiq kelini bilan turmush qurgan.