O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 29 may kuni yalpi majlisda «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni ma’qulladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qonun quyidagi shaxslarni O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishni ko‘zda tutmoqda:

  • 2005 yil 1 yanvarga qadar (amaldagi tahrirda — 1995 yil 1 yanvarga qadar) O‘zbekiston hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan va muqaddam chet davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxslar;
  • 15 yil davomida O‘zbekiston hududida fuqaroligi bo‘lmagan shaxs moqomida yashab kelayotgan shaxslar;
  • ota-onalaridan biri O‘zbekiston fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va O‘zbekistonda yashaydigan bolalar.

2005 yil 1 yanvarga qadar mamlakat hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan va muqaddam chet davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan hamda 15 davomida O‘zbekiston hududida fuqaroligi bo‘lmagan shaxs moqomida yashab kelayotgan shaxslarni O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olish taklifini prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni parlamentga murojaatida ilgari surgan edi.

O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga tuzatish va o‘zgartishlar kiritish 2021 yilgi Davlat dasturida ham ko‘zda tutilgan.

Qonun kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi lozim.