O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi sababli 2021 yilga qoldirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvining yuzma-yuz formatda o‘tkazilishini kutmoqda, deya ma’lum qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Markaziy Osiyo davlatlar rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvi dastlab 2020 yilning avgustida Bishkekda o‘tkazish rejalashtirilgan edi, biroq COVID-19 koronavirusi pandemiyasi sababli avval kuzga, so‘ngra 2021 yilga qoldirildi. Keyinroq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mahalliy OAVga bergan intervyusida sammitning 2021 yil Turkmanistonda bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda. Ammo eng ahamiyatlisi, biz uchrashuvning yuzma-yuz formatda bo‘lib o‘tishini ta’minlash ustida ish olib bormoqdamiz. Onlayn format ko‘zda tutilayotgani yo‘q», — dedi Sherzod Asadov brifingda uchinchi uchrashuvning ehtimoliy muddatlari haqidagi savolga javob berar ekan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi pandemiya shart-sharoitlari bugungi kunda navbatdagi sammitning joyi va vaqtini aytishga imkon bermayoganini ta’kidladi.

«Biz hamkorlarimiz bilan bir yildan buyon navbatdagi uchrashuvga tayyorlanmoqdamiz. Imzolash uchun juda keng va zalvorli hujjatlar paketi tayyorlanmoqda», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi 2018 yilning martida Qozog‘iston poytaxti Nursultonda, ikkinchisi esa 2019 yil noyabrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan edi.