Endilikda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun nafaqat jarima, balki axloq tuzatish ishlari va qamoq jazosi tayinlanishi ham mumkin. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 28−29 may kunlari bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlarni ma’qulladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) quyidagi ko‘rinishda kuchaytirilmoqda:

«Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash, — bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi".

Hozirda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynaganlik uchun BHMning 1 dan 3 baravarigacha jarima solinadi. Xuddi shunday huquqbuzarlik takroran yoxud voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilsa, — BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarimaga tortiladi.

Senat tomonidan Jinoyat kodeksiga yangi 202−1-modda (Hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) kiritilishi ma’qullandi.

Mazkur moddaga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni g‘arazli yoki boshqa maqsadlarda ularga aziyat yetkazish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynaganlik uchun ma’muriy chora qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilsa, BHMning 25 dan 50 barvarigacha jarima, 240 soatgacha jamoat ishlari, 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha ozodlikni cheklash yoki 6 oygacha qamoq jazosi qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura o‘gan yilning noyabrida ma’muriy va jinoiy qonunchilikka tuzatish kiritish bo‘yicha ushbu takliflarni muhokama uchun e’lon qilgan edi. Takliflarni ishlab chiqish tashabbusi esa «Mehr va oqibat» Hayvonlarni himoya qilish jamiyati tomonidan ilgari surilgan.

«Biz [hayvonlarga nisbatan] shafqatsiz munosabat to‘g‘risidagi fuqarolarning har bir murojaatini to‘pladik, sudlarda ishtirok etdik, statistika yuritdik, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazdik. Bu juda uzun va murakkab yo‘l edi. Biz Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlarga, shuningdek qonunchilik ustida ishlashda qatnashgan barcha minnatdorchilik bildiramiz» , — degan edi «Mehr va oqibat» jamiyati ijro qo‘mitasi raisi Timur Aripov «Gazeta.uz»ga.

Muhokama bosqichida Jinoyat kodeksiga kiritilishi rejalashtirilgan modda loyihasi biroz boshqacha ko‘rinishga ega edi. Xususan, unda ma’muriy jazo uchun shartlar mavjud emas edi. Hayvon o‘lgan yoki jarohat olgan taqdirda jinoiy jazo tayinlanishi mumkin edi. Bundan tashqari, quyidagi jinoyat sodir etilgan taqdirda jinoiy jazoni kuchaytirish taklif qilindi: guruh tomonidan oldindan til biriktirib / ommaviy axborot vositalari va Internetda ma’lumot tarqatish bilan / ikki yoki undan ortiq hayvonlarga nisbatan / voyaga yetmaganlar ishtirokida / Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarga nisbatan.

Qonunchilikka kiritilgan tuzatishlar O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolanganidan keyin qonuniy kuchga ega bo‘ladi.