O‘zbekiston va Rossiya «Sputnik V» vaksinasini respublika hududida hamkorlikda ishlab chiqarishga kelishib oldi. RIA Novosti nashri Toshkentga ishchi tashrif bilan kelgan RF Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkoga tayanib yozishicha, O‘zbekiston tomoni dori vositasi ishlab chiqariladigan maydonni ham tanlab bo‘lgan.

Juma kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Mixail Murashkoni qabul qildi va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, telemeditsinani yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.

«RF prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston prezidenti topshiriqlariga asosan «Sputnik V»ni (O‘zbekistonda — tahr.) ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga kelishib oldik», — deya Murashkoning so‘zlarini keltirmoqda RIA Novosti.

«O‘zbekiston 24»ga bergan intervyusida rossiyalik vazir turli yo‘nalishlar, xususan, tez yordam va pediatriya bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish haqida so‘zlab bergan.

«Bizning mutaxassislarimiz pandemiya davrida O‘zbekiston hududida ishlashdi. Shuningdek, Toshkentda Pirogov nomidagi Moskva tibbiyot universitetining filialini ochish rejalashtirilyapti. Qolaversa, „Sputnik V“ vaksinasini O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda», — dedi u.

Mixail Murashko prezident Shavkat Mirziyoyevni «noyob inson» deb atadi. «U biz tez harakat qilayotganimizni ko‘rib turgan bo‘lsada, „bu yetarli emas“, deyapti. Biz buni mutlaqo qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi vazir.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston tomoni Rossiya vaksinasi uchun ishlab chiqarish maydonchasini tanlab olgan, hozirda loyiha ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekiston 23 aprel kuni «Sputnik V» vaksinasining ilk партиясиni qabul qilib oldi, ikkinchisi esa — 27 aprelda keltirildi.

Bosh vazir Abdulla Aripov rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin bilan Kazandagi uchrashuvida Moskvadan «Sputnik V» vaksinasini yetkazib berish hajmini oshirish hamda uni respublikada ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragandi.

2020 yilning dekabrida O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasini Tashkent Pharma Park hududida ishlab chiqarishni taklif qilgan edi.