Yakunlanayotgan hafta davomida O‘zbekiston va jahon sportida qator ahamiyatli voqealar sodir bo‘ldi. «Gazeta.uz» ushbu hodisalarning eng muhimlaridan haftalik sport yangiliklari dayjestini tayyorladi.

25 may kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning natijasida, bir necha futbolchi va rasmiylarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi:

  • O‘zbekiston Pro liga 5-turi doirasidagi «Dinamo plyus» — «Neftchi» uchrashuv yakunidan so‘ng «Dinamo» jamoasi murabbiylari Jasur Hamroyev va Dilshod Sharofitdinovlar bosh hakam sha’niga xaqoratli so‘zlar ishlatgani uchun 2 ta o‘yindan chetlatilib, jarimaga tortildi.
  • O‘zbekiston «U18» Birinchiligi 3-tur doirasidagi «Oq tepa U-18» — «Nasaf U-18» uchrashuvining 90+3-daqiqasida «Oq tepa U-18» jamoasi futbolchisi Bahrom Kozimov unga nisbatan o‘yin qoidasini buzgan raqibiga nisbatan tajovuzkor harakati qilgani uchun 2 ta o‘yinga chetlatish imtizomiy chorasi qo‘llanildi.
  • O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi 3-tur doirasidagi «Aral Samali» — «Lokomotiv» uchrashuvida «Aral Samali» jamoasi bosh murabbiyi Timur Turdiyev unga O‘zPFL tomonidan taqdim qilingan akkreditatsiyani o‘z manfaatida begona shaxsga bergani va uni texnik zonaga kiritgani, bu bilan 2021-yilgi mavsumda O‘zPFL tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar Reglamentining 17.13, 17.17- bandlarini buzganligi uchun u jarimaga tortildi.
  • O‘zbekiston Futzal Oliy ligasining 16-turi doirasidagi «Bunyodkor» — «Metallurg» uchrashuvining 35-daqiqasida «Metallurg» jamoasining o‘yinchisi Islombek Biyturayev ikkinchi hakam qaroridan noroziligini bildirib, hakam sha’niga xaqoratli so‘zlar ishlatgani uchun 2 ta o‘yindan chetlatilib, jarima belgilandi.
  • O‘zbekiston «U21» birinchiligi 7-turi doirasidagi «Surxon U21» — «AGMK U21» uchrashuvining 83-daqiqasida «AGMK U21» jamoasi futbolchisi Iskandar Businov to‘p uchun kurashsiz raqib oyog‘iga qasdan zarba bergani va tajovuzkor xatti-harakati qilgani uchun unga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
  • O‘zbekiston «U21» birinchiligi 7-turi doirasidagi «Andijon U21» — «Qo‘qon 1912 U21» uchrashuvining 66-daqiqasida «Andijon U21» jamoasi futbolchisi Jamshidbek Xomidov muxlislar tomonga qarata nojo‘ya xatti-harakati va xaqoratli so‘zlar ishlatgani uchun 3 ta o‘yindan chetlatildi va jarimaga tortildi.
  • O‘zbekiston «U21» birinchiligi 5-turi doirasidagi «Surxon U21» — «Lokomotiv U21» uchrashuvining 66-daqiqasida «Lokomotiv U21» jamoasi futbolchisi Anvarjon Alijonov raqib o‘yinchisini qo‘li bilan urgani uchun 2 ta o‘yinga chetlashtirilib, unga jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
  • O‘zbekiston «U18» Birinchiligi 2-tur doirasidagi «So‘g‘diyona U-18» — «Oq tepa U-18» uchrashuvi yakunidan so‘ng «So‘g‘diyona U-18» jamoasi rasmiy vakili Anvar Almatov va «Oq tepa U-18» jamoasi bosh murabbiyi Otabek Mansurov uchrashuv bosh hakami sha’niga xaqoratli so‘zlar ishlatgani uchun jarimaga tortildi.
  • O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi 3-tur doirasidagi «Nasaf» — «Bunyodkor» uchrashuvi davomida «Bunyodkor» jamoasi bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov va yordamchi murabbiy Marat Miftaxudinov hakam qaroriga o‘z noroziligini qo‘pol tarzda bildirgandi. Hakam sha’niga xaqoratli so‘zlar ishlatgani va bu bilan ular 2021-yilgi mavsumda O‘zPFL Reglamentining 18.2, 18.3- bandlarini buzgani uchun ularga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Iyun oxirida O‘zbekiston futzal terma jamoasi Toshkent shahrida yig‘in tashkil etadi. Poytaxtga Jahon chempionati ishtirokchisi va Janubiy Amerikaning eng kuchli terma jamoalaridan biri bo‘lmish Venesuyela terma jamoasi tashrif buyuradi. O‘FA bilan kelishuvga ko‘ra, Venesuyela Toshkentdagi yig‘inlar doirasida 25−28 iyun kunlari O‘zbekiston terma jamoasi bilan ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. O‘yinlar «Yunusobod» sport majmuasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Olimpiada chempioni Fazliddin G‘oibnazarov navbatdagi jangini kimga qarshi o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi. Hamyurtimiz 26 iyunda Kvinton Rendallga qarshi, Lomachenko-Nakatani o‘rtasidagi jang oqshomi kunida ringga ko‘tariladi.

11 iyun kuni poytaxtdagi «Yunusobod» sport majmuasida professional boks kechasi tashkil etiladi. O‘zbekistonlik Shohjahon Ergashev tomonidan tashkil etilayotgan mazkur boks oqshomining markaziy jangi o‘zining ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Bokschining «Olamsport.com» saytiga xabar berishicha, u 10 raunddan iborat jangni ganalik Robert Kuayega qarshi o‘tkazadi. Oqshom doirasida yana kamida 7 ta juftlik jang uchun ringga ko‘tariladi.

25−26 may kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida para-dzyudo bo‘yicha Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolarini beruvchi Gran-pri musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Para-dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu musobaqada 10 ta medalni qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov Saudiya Arabistonida o‘tadigan markazlashgan saralash bahslari uchun yakuniy tarkibni e’lon qildi. Tarkibga 28 nafar futbolchi jalb etilgan.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Iyun oyida O‘zbekiston Milliy terma jamoasi JCH-2022 hamda OK-2023 qo‘shma saralash bahslari doirasida Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni jamoalariga qarshi o‘yinlarda keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. Markazlashgan turnir Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.

28 may kuni O‘FA Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasi tomonidan Pro-ligada qatnashuvchi «Yangiyer» hamda «Sho‘rtan» futbol klublarining ayrim vakillari xaq evaziga kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi va totalizator o‘ynab kelgan shahslarga yordam berganligi aniqlandi. Ushbu holatlar bo‘yicha inspeksiya tegishli ma’lumotlarni to‘plab, O‘FA Etika qo‘mitasiga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun taqdim etdi.

Ma’lumotlar bo‘yicha O‘FA Etika qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda Pro-liga musobaqasida qatnashuvchi «Yangiyer» hamda «Sho‘rtan» futbol klublarining ayrim vakillariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgan. Ayrim futbolchi va mutaxassislar kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi, totalizator o‘ynab kelgan shahslarga yordam berganligi hamda yordam berishga uringanligi uchun 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan muddatlarga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi.

Mazkur qaror O‘FA tomonidan rasmiy tarzda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.