24 may kuni Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida Nexia 2 avtomobilini tumandagi 22-conli maktabning olti nafar 11-sinf o‘quvchilarini bosib ketdi, deb xabar bermoqda «Xorazm» telekanali.

Avariya soat 17:40 larda «Yangiariq — Xonqa» avtomobil yo‘lining 14 kilometrida sodir bo‘lgan. Yengil mashina haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida ketayotgan maktab o‘quvchilarini urib ketadi. Shundan so‘ng, avtomobil kanalga tushib ketadi.

YTH natijasida olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida to‘rt nafar maktab o‘quvchisi vafot etgan (uch nafari voqea joyida, bir nafari — shifoxonada). Yana ikki nafar o‘quvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Reportajda shuningdek, 19 may kuni Urganch tumanida sodir bo‘lgan boshqa bir YTH haqida ham so‘z boradi. Ertalabki soat 9:50 lar atrofida MAZ yuk mashinasining haydovchisi «Oyoqbog‘» mahallasidagi ichki yo‘ldan ketayotganida tumandagi 2-sonli maktabning ikki nafar 2-sinf o‘quvchilarini urib yuboradi.

Natijada o‘quvchilardan biri voqea joyida vafot etgan, ikkinchisi esa o‘ng oyoq boldir suyagi sinishi tashhisi bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.