Senatning 15 yalpi majlisi kun tartibi doirasida «O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonuni muhokama etildi.

Mazkur qonun ishlab chiqilishida Madaniyat vazirligi, «O‘zbekkino» milliy agentligi, O‘zbekistan Badiiy akademiyasi, O‘zbekistan Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekistan kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, O‘zbekistan teatr arboblari uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda keng jamoatchilikning takliflari hisobga olingan.

Shunga ko‘ra, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qonun bilan 15 aprel O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni sifatida belgilanmoqda.

Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev nega aynan ushbu sana tanlab olinganiga izoh berdi.

«Tarixga nazar tashlasak, mazkur sananing nishonlanishi, 1935 yil 15 aprelda Vashingtonda 21 davlat rahbarlari tomonidan dunyo tarixidagi birinchi bor Xalqaro badiiy va ilmiy muassasalar va tarixiy yodgorliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomaning imzolanishi bilan bog‘liqligini ko‘ramiz. Ushbu shartnoma uning muallifi sharafiga «Rerix pakti» deb nomlangan. O‘sha yili Nyu-Yorkda «Rerix pakti»ning rasmiy ramzi tinchlik bayrog‘iga bag‘ishlangan bayram bo‘lib o‘tgan», — dedi qo‘mita raisi.

Ta’kidlanishicha, ushbu pakt madaniy boyliklarning himoyasi hamda ularga hurmat keltirish bo‘yicha umumiy tamoyillarni o‘z ichiga oladi.

«Xatto, harbiy ziddiyatlar vaqtida ham madaniy meros himoyasining zaiflashuviga yo‘l qo‘yilmaydi va o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Natijada, ushbu hujjat tarixiy va madaniy boyliklar himoyasi bo‘yicha qabul qilingan, Venetsiyaning ko‘plab akt va tavsiyanomalari, shuningdek, 1954 yilda qabul qilingan Gaaga konvensiyasi uchun ham asos qilib olingan», — dedi senator.

Ayni paytda dunyoning ko‘plab davlatlarida ushbu sana Xalqaro madaniyat kuni sifatida nishonlanadi. Xususan, 2008 yildan Italiya, Ispaniya, Rossiya, Argentina, Meksika, Kuba, Latviya va Litva kabi davlatlarda 15 aprel — Xalqaro madaniyat kuni Tinchlik bayrog‘i ostida tantana qilinadi.

Mamlakatda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan yurtdoshlarimiz aynan mana shu bayram kunida «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni bilan takdirlanishi ko‘zda tutilgan.

Senatorlar qonunni xalq ijodiyoti rivojlantirish, madaniyat va san’at sohasidagi mahoratli ijrochi va ijodkorlar, professional kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, milliy san’atimiz namunalari jahon sahnasida e’tirof etilishi uchun sharoitlar yaratishda muhim ahamiyatga ega deb e’tirof etishdi.

Ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi va Senatning tegishli qarori qabul qilindi.